Istiqlol solnomasini varaqlaganimiz sayin qalbimiz gʻurur va iftixorga toʻladi. Chunki muvaffaqiyatlardan boshimiz koʻkka yetyapti. Orzu-niyatlarimiz ijobat boʻlyapti. Ayniqsa, sportda erishilayotgan gʻalabalar bizni ruhlantiradi. Ichki ishlar organlari xodimlari orasida ham ana shunday chempion yoshlarimiz bugun koʻpchilikni tashkil qiladi. Buxoro tumani IIB 114-sonli huquq-tartibot maskani profilaktika inspektori, leytenant Firdavs Safarov shulardan biri.
Tumanning Doʻstlik mahallasida 1993-yilning 13-yanvar kuni tugʻilgan Firdavs bolaligidan otasi Baxtiyor akaning temirchilik ustaxonasiga borar va u nima ish qilsa, oʻshani mustaqil bajarishga harakat qilardi. Oʻgʻlining harakatlarini kuzatib yurgan ota, unga mos asbobu uskuna yasab beradi. Shu-shu uning mushtlari ham otasinikidek metinga aylanib boradi.
– Firdavsjonni marhum doʻstim Ismat Tohirovning taekvando toʻgaragiga olib borganimda, hali ikkinchi sinfda oʻqirdi, – deydi Baxtiyor aka. – Avval tuman, viloyat musobaqalarida qatnashib, faxrli oʻrinlarni oldi. Oʻgʻlimning birinchi katta yutugʻi yettinchi sinfda oʻqib yurgan payti Toshkent shahridagi “Jar” sport majmuasida Osiyo davlatlari oʻrtasida oʻtkazilgan taekvando (ITF) musobaqasida bronza medalini olgani boʻldi. Bir yil oʻtgach, sport ustaligiga nomzodlikni qoʻlga kiritdi.
Aslida Baxtiyor aka ham jismonan chiniqqan, sportsevar inson. U temirlarni obdon pishitib, toblab, ularga “ikkinchi hayot” berayotgan davrida yana ham “metin”lashib, oʻsha paytlar Oʻzbekistonga endi kirib kelayotgan armrestling boʻyicha gʻoliblik nashidasini surardi. Uni oʻgʻliga ham oʻrgatardi.
– Tumandagi qurilish kasb-hunar kollejida oʻqib yurganimda, otam va ustozim armrestling bilan shugʻullantirdi. Harbiy xizmatda boʻlganimda ham bir necha marotaba qism va Qurolli Kuchlar harbiy xizmatchilari oʻrtasidagi musobaqalarda qatnashib, faqat birinchi oʻrinni egallab keldim, – deydi lavhamiz qahramoni. – Keyinchalik Buxoro muhandislik texnologiyalar institutida oʻqiyotganimda ham asosan armrestling boʻyicha oʻtkazilgan viloyat va respublika musobaqalarida ishtirok etib, uch marotaba Oʻzbekiston chempioni boʻldim va respublika kubogini qoʻlga kiritdim.
Firdavsjon ichki ishlar organlaridagi xizmat faoliyatini 2020 yilda boshladi. Dastlab, Jondor tumani IIB profilaktika inspektori boʻlib ishladi, bir yil oʻtgach, hozirgi lavozimida xizmatni davom ettirdi. U oʻzining puxta bilimi, har bir ishga vijdonan yondashuvi, rahbariyat topshirigʻini sidqidildan bajarishi tufayli hamkasblari orasida obroʻ topdi.
– Mahallamizda 460ga yaqin xonadon boʻlib, barcha oila boshliqlari ishli, kasb-hunarli. Hududimiz tuman markazida joylashgan va yigirmadan ortiq davlat hamda xususiy korxonalar mavjud. Shuningdek, dehqon bozori hamda magistral yoʻl hududimizdan oʻtganligi bois baxtsiz hodisalar va huquqbuzarlik holatlari uchrab turishi tabiiy, – deydi “Oybek” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Manzura Kuchimova. – Firdavsjon profilaktika inspektori boʻlganiga hali bir yil toʻlmadi, ammo jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan targʻibotu tashviqot tadbirlari tufayli jinoyatchilik kamaydi. Oʻtgan yili atigi bitta taqiqlangan ekin ekish holati aniqlangan boʻlsa, bu yil hozirgi kungacha jinoyat qayd etilmadi. Mahallamizda 20 nafar profilaktik hisobda turadigan shaxs bor. Leytenant Firdavs Safarov har hafta payshanba kuni profilaktik hisobda turuvchilar bilan suhbatlashib, ularning muammolarini joyida hal qilib kelyapti.
Oʻz kasbiga sodiq, namunali xodim, leytenant Firdavs Safarov 2020 yil aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va xavfsizligini taʼminlashda, fuqarolarning hayoti va sogʻligʻini muhofaza qilishda, qolaversa, koronavirus infeksiyasi keng tarqalishining oldini olish boʻyicha oʻtkazilayotgan tadbirlarda faol ishtirok etgani uchun “Mehr-saxovat” koʻkrak nishoniga sazovor boʻldi.
Mirzoqul AHADOV,
“Postda” muxbiri.
Buxoro viloyati.