Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi tergov boshqarmasi va uning quyi tizimlari xodimlari oʻrtasida kasb mahoratini oshirish hamda malakali kadrlar zaxirasini yaratishga qaratilgan koʻrik-tanlov oʻtkazildi. Tanlovda tergovchi va surishtiruvchilarning Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Prezidenti farmonlari, Vazirlar Mahkamasi, Oliy Sud Plenumi qarorlari, Ichki ishlar vazirligining meʼyoriy hujjatlariga oid bilimi sinovdan oʻtkazildi. Shuningdek, ularning kasb malakasi, ichki ishlar organlari tizimida kechayotgan islohotlar va siyosiy jarayonlardan xabardorligi baholandi.
Tanlov ishtirokchilarining jismoniy salohiyati toʻsinda tortilish, 100 va 3000 metrga yugurish, quroldan oʻq otish va uni toʻliqsiz qismlarga ajratish hamda yigʻish shartlari asosida aniqlandi. Tadbir yakunida “Namunali tergovchi”, “Namunali surishtiruvchi”, “Namunali xodima” nominasiyalari gʻoliblariga diplom va esdalik sovgʻalari topshirildi.
Alijon ABDUSATTOROV,
“Rostda” muxbiri.
Jizzax viloyati.