Aqlli, mulohazali kishining soʻzi har yerda oʻtadi. U yeng shimarib, shijoat bilan ishga kirishsa, boshqalar ham ergashadi. Yoshlarni toʻgʻri yoʻlga solish, tarbiyalash, jinoyatlarning oldini olish, ajralish yoqasida turgan oilalarni yarashtirish kabi ibratli ishlarga bosh boʻlishga koʻpni koʻrgan, tajribali mehnat faxriylarining jalb etilayotgani yaxshi samara bermoqda. Bunda, ayniqsa, ichki ishlar organlari faxriylarining ham alohida hissasi bor.

Namangan shahrida yashovchi isteʼfodagi kapitan Sayfiddin Turgʻunov keksalar, ijtimoiy himoyaga muhtojlarni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash ishlariga bosh-qosh boʻlmoqda. Ayniqsa, uning tashabbusi bilan joriy yil boshidan buyon 12 ta oilani yarashtirishga muvaffaq boʻlinganini alohida taʼkidlash joiz. 

«Bir nuroniy — oʻn yoshga masʼul» shiori ostida tizimli tadbirlar samarasi oʻlaroq, koʻplab faxriylarimiz boy hayot tajribalari asosida yoshlarga toʻgʻri yoʻl koʻrsatish, ularning muammolarini hal etishga muvaffaq boʻlishdi. Lavhamiz qahramoni ham oʻziga biriktirilgan 10 nafar yosh bilan manzilli ishlarni tashkil etdi. Ularning ikki nafari monomarkazga kasb-hunar oʻrganishga yoʻnaltirildi, ikki nafari ishga joylashtirildi. Olti nafar yoshning oilasi ajralish yoqasida turganligini aniqlab, yarashtirish choralarini koʻrdi. 

Sayfiddin aka ichki ishlar organlaridagi ilk xizmat faoliyatini 1983-yilda Namangan shahar IIB huzuridagi Qoʻriqlash boʻlimida boshlagan edi. 1990 – 1994-yillarda Namangan shahar IIB huzuridagi qoʻriqlash boʻlimi 2-markaziy qoʻriqlash pulti boshligʻi, 1994–1996-yillarda Namangan viloyati IIB JTSB konvoylik xizmati rahbari boʻlib ishladi. 1996–1998-yillarda viloyat IIB JTSB Markaziy xizmat pitomnigiga boshchilik qildi. Shu davr ichida davlat va xalq mulkini ishonchli qoʻriqlashga katta hissa qoʻshish barobarida, koʻplab shogirdlar tarbiyalab yetishtirdi.

Sayfiddin akaning jamoat ishlaridagi fidoyiligi ham munosib baholandi. U Ichki ishlar vazirligining faxriy yorligʻi va «Ichki ishlar organlarining faxriy xodimi» koʻkrak nishoni bilan mukofotlandi. Hayotiy tajribalariga tayanib koʻpchilikni toʻgʻri yoʻlga yoʻnaltirayotgan Sayfiddin aka kabi faxriylarimiz bilan haqli ravishda faxrlansak arziydi. 

Gulchehra 

BUVAMIRZAYEVA, 

oʻz muxbirimiz. 

Namangan viloyati.