Qashqadaryo viloyati ichki ishlar organlari faoliyatida ham kriminogen vaziyatni jilovlash, jinoyatlarning oldini olish va fosh etish, jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini taʼminlashda axborot texnologiyalaridan samarali foydalanilmoqda. Bunda aloqa kommunikatsiyalari va axborot uzatish tuzilmalarining shisha-tolali aloqa tarmoqlariga oʻtilganligi tezkorlikni taʼminlashda qoʻl kelmoqda. Xususan, raqamli telefon, video internet tarmogʻi, raqamli, modemli telefon tarmoqlari, GSM uyali aloqa kanallari hamda ultra-qisqa toʻlqinli radio tarmoqlari tezkorlikda ishlamoqda.
Viloyat hududida «Xavfsiz turizm», «Xavfsiz shahar», «102» yagona navbatchilik-dispetcherlik xizmati», «Obod va xavfsiz mahalla», «Xavfsiz hudud», «Xavfsiz transport» apparat-dasturiy kompleks loyihalari amalga oshirilib, shahar-tuman IIBlariga innovatsion va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilmoqda. Jumladan, Ichki ishlar boshqarmasi, shahar-tuman IIB navbatchilik qismlari, HPB, Tergov boʻlimi, JQB, T va EQKB hamda hisob qayd etish guruhlari IIVning korporativ tarmogʻiga ulanib, «Maʼmuriy jazoga tortilgan shaxslarning yagona maʼlumotlar bazasi» yordamida shaxslarning maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortilganligini tekshirish, «AIB-Oʻzbekiston» maʼlumotlar bazasi, «Elektron pochta», «Jinoyat huquqiy statistika», «E-material» elektron bazalari va ichki ishlar organlariga olib kelingan fuqarolarning oʻz vaqtida shaxsini aniqlash uchun oʻrnatilgan «Pasport-Viza» AATM axborot tizimi orqali tegishli soʻrovnomalarni toʻgʻridan-toʻgʻri tekshirish yoʻlga qoʻyildi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Ichki ishlar vazirligi tomonidan 2021-yil 11-fevralda tasdiqlangan yoʻl xaritasiga muvofiq, huquqbuzarliklar profilaktikasi inspektorlarining sud jarayonlarida masofadan turib ishtirok etishini taʼminlash yuzasidan viloyat hududidagi 768 ta huquq-tartibot maskaniga «TEMobile» videokonferensaloqa dasturlari oʻrnatildi.
IIVning tegishli farmoyishi va buyruqlari ijrosini taʼminlash maqsadida viloyat IIB quyi tizimidagi shahar-tuman IIB (IIOFMB)larida jami 25 ta Alohida maxsus xona tashkil etilgan boʻlib, barchasida kuzatuv kameralari oʻrnatildi. Hozirda ulardan 19 tasining kuzatuv kameralari viloyat Navbatchilik qismiga hamda IIVning Situatsion markaziga integratsiya qilindi.
Jasur TOʻRAYEV,
mayor.
Qashqadaryo viloyati.
