Ertalabki soat yetti boʻlmasidan Xiva tumani IIB Navbatchilik qismiga oʻgʻrilik jinoyati sodir etilgani haqida xabar qilib qolishdi. Zudlik bilan tergov-tezkor guruhi hodisa joyiga yetib bordi. Xomush holda oʻtirgan xonadon sohibi bilan suhbatlashayotib, voqeaga biroz oydinlik kirgandek boʻldi. Xonadon sohibining oʻgʻli qilmishi uchun ozodlikdan mahrum etilib, muassasalardan birida jazoni oʻtayotgandi. 

U ozodlikka chiqqan hamyurti Saparboydan Xivaga oʻtib, ota-onasidan xabar olishni iltimos qilgan. Saparboy doʻstiga bergan vaʼdasiga koʻra, qamoqdan chiqib, toʻgʻri Xivaga yoʻl oldi. 

Xonadon sohibiyu sohibalari odatga koʻra, mehmonga hurmat-izzat koʻrsatishdi. Hatto kechki payt Shovotga ketmoqchi boʻlganida, uni bir kecha mehmon boʻlib qolishga koʻndirishdi. Mehmonga ayvondan joy qilishdi. Saparboy shuncha yil qamoqda oʻtirib, oʻzganing mulkiga xiyonat qilish tubanlik ekanligini hali anglab yetmagandi. Yarim tunda u non-tuz yegan xonadonga tegishli boʻlgan videomagnitafonni olib, koʻzdan gʻoyib boʻldi. Jinoyatchini qoʻlga olishda Shovot tumanida xizmat qilganim qoʻl keldi. Uni izlab uyiga borganimizda, kiraverishda ikki nafar ayol va bir erkak kishining oyoq kiyimi turardi. Demak, Saparboy shu yerda. Sababi xonadonda boshqa erkak kishi yashamasdi. Onasidan oʻgʻlini soʻraganimizda, «Hali oʻgʻlim qamoqdan qaytmadi», deb qoʻya qoldi. Bogʻ tomondan kelayotgan kelin ham savolimizga shunday javob qaytardi-yu, biroq juda hayajonlanib ketdi. Uning xatti-harakatlari bizda shubha uygʻotdi.

Xonadonni koʻzdan kechirib chiqdik. Ammo Saparboyni topolmadik. Ortga qayta­yotib, oʻralgan koʻrpaga koʻzim tushdi. Bizni kuzatishga chiqqan kelindan koʻrpaga nima oʻralganini soʻradim.

– Xamir qorgandim, shuni oʻrab qoʻyibman, – deya javob berdi u. 

Shubhalanganimizdan koʻrpani koʻtardik. Ne koʻz bilan koʻraylikki, Saparboy katta togʻora ichida oʻralib yotardi. Shu tariqa, yaqinda qamoqdan qaytgan Saparboy koʻp oʻtmay, yana panjara ortiga yoʻl oldi.

Gʻofurjon DAVLATOV,

isteʼfodagi polkovnik.