Navroʻz bayrami arafasida u Prezidentimizning tegishli farmoniga asosan afv etilib, ozodlikka chiqarildi.

– Qilgan xatolarimni tushunib yetdim, – deydi u koʻzlarida yosh bilan. – Endi halol mehnat qilib, oilam va yurtim ravnaqi uchun xizmat qilaman. Oliygohdagi oʻqishimni davom ettirib, malakali shifokor boʻlib yetishaman. Bizga shunday imkoniyat yaratib bergan yurtboshimizga cheksiz rahmatlar aytaman.

Fargʻona shahridagi 10-sonli tergov hibsxonasida jazo muddatini oʻtayotgan 3 nafar fuqaro afv etilib, oilalari bagʻriga qaytarildi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan marosimda soʻzga chiqqan hibsxona boshligʻi, podpolkovnik Farhodjon Sidiqjonov yurtimizda olib borilayotgan islohotlar mazmun-mohiyati, inson manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan eʼtibor, tinch va farovon hayot qadri haqida soʻz yuritdi. Shuningdek, afv etilgan fuqarolarga bildirilgan ishonchni oqlash, halol mehnat qilish va jamiyatda munosib oʻrin topish muhimligini alohida taʼkidladi.

– Oʻgʻlim Abduqodirga berilgan bu imkoniyat – biz uchun katta neʼmat, – deydi Abrorjon Abdullayev. – Endi farzandimni nazoratsiz qoldirmayman. Uning toʻgʻri yoʻlda yurishi uchun ota sifatida yanada masʼuliyatliroq boʻlishim kerakligini tushunib yetdim. Farzandim qilgan xatolarni kechirgani uchun Prezidentimizga rahmat aytaman.

1997-yilda Qoʻshtepa tumanida tugʻilgan Yursunali Dehqonov ham jinoyatga qoʻl urganligi sababli oʻtgan yil aprel oyida 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan edi. Bagʻrikeng­lik va kechirimlilik tamoyili asosida uning qilmishlari ham afv etilib, halol yashash imkoniyati berildi.

– Qonunni mensimaslik qanday oqibatlarga olib kelishini oʻz boshimdan oʻtkazdim, – deydi u. – Eng ogʻiri – oila aʼzolarim ham iztirob chekishdi. 

Endi esa butunlay boshqacha yashamoqchiman. Menga bildirilgan ishonchni, albatta, oqlab, yurtimizga, ota-onamga foydali inson boʻlishga harakat qilaman.

Hozirda ushbu fuqarolarning xonadonida xursandchilik kunlari boshlandi. Eng eʼtiborlisi, ular afv etilgach, oʻz holiga tashlab qoʻyilmaydi. Mahalla yettiligi tomonidan ijtimoiy-huquqiy va tibbiy yordam koʻrsatish boshlandi. Ular takroran jinoyatga qoʻl urmasligi, toʻgʻri va halol yashashi uchun har tomonlama koʻmak beriladi. 

Darhaqiqat, insonparvarlik siyosati nafaqat huquqiy, balki chuqur maʼnaviy ahamiyatga ham ega. 

U xalqimizga xos boʻlgan kechirimlilik, bagʻrikeng­lik va rahmdillik kabi fazilatlarning amaldagi ifodasidir. Jinoyat qilgan, ammo qilmishidan pushaymon boʻlib, tuzalish yoʻliga oʻtgan insonlarga ikkinchi imkoniyat berish jamiyat barqarorligi va inson qadrini taʼminlashda muhim omildir.

Bugun afv etilgan fuqarolarning koʻzlaridagi quvonch va umid – yurtimizda amalga oshirilayotgan insonparvar siyosatning eng katta samarasidir. Ular uchun bu yangi hayot, yangi orzular va yangi imkoniyatlar eshigidir.

Abduvosit SIDIQOV,

oʻz muxbirimiz.

Fargʻona viloyati.