Rahbariyat unga doim ishonch bilan topshiriq beradi. Natijasidan esa koʻngil toʻq: bekamu koʻst bajariladi.
– 30 yilga yaqin xizmat faoliyatim davomida juda koʻp yoshlarga ustozlik qilganman, – deydi viloyat IIB EKM boshligʻi, podpolkovnik Umid Xalikov. – Sohaga kirib kelgan hamma xodim ham mohir ekspert boʻlib ketolmaydi. Ammo Tohirxon Ibrohimovda haqiqiy ekspertlarga xos xislatlarni, kasbga sadoqatni koʻraman. Bilmaganini soʻrashdan erinmaydi. Shu bois xizmatda yutuq va muvaffaqiyatlarni qoʻlga kiritib bormoqda.
Izlanuvchan ekspert joriy yilning oʻtgan davrida 88 ta ekspertiza, 296 ta tadqiqot oʻtkazdi. 250 marotaba hodisa joyini koʻzdan kechirishda qatnashdi, 353 ta tergov harakati va tezkor-qidiruv tadbirida mutaxassis sifatida ishtirok etdi. 2 ta jinoyatni kasbiy mahorati asosida shaxsan oʻzi fosh etdi.
«Eng namunali ekspert-kriminalist» koʻrik-tanlovining Buxoro viloyatida oʻtkazilgan Respublika bosqichida lavhamiz qahramoni faxrli 1-oʻrinni qoʻlga kiritgani ham uning bilim va salohiyati, kasbiy mahorati tobora yuksalib borayotganidan dalolat beradi.
Sohadagi ilk xizmat faoliyatini 2018-yilda Fargʻona viloyati IIB Ekspert-kriminalistika markazida boshlagan boʻlsa, bugungi kunda Margʻilon shahar IIBda samarali davom ettiryapti.
IIV Akademiyasini tamomlagach, Ekspert-kriminalistika markazida ish boshlaganim yutuqlarimning asosiy omilidir, – deydi lavhamiz qahramoni. – Sababi, bu yerda oʻz kasbining ustasi boʻlgan tajribali ekspertlar – podpolkovniklar Umid Xalikov, Nodirjon Abdunazarov, Gulnoraxon Moʻydinova kabi ustozlar bilan yonma-yon ishlab, ulardan sohaning nozik sir-asrorlarini oʻrgandim. Shu yerda orttirgan tajribam va ustozlar oʻgitlari bugun xizmat jarayonida juda asqatmoqda.
Tohirxon kabi fidoyi ekspertlar oʻz ustida muntazam shugʻullanib, nazariy bilimlarini amaliyot bilan uygʻunlashtirib bormoqdalar. Zero, izlanish va intilish insonni kamolotga yetaklaydi.
Abduvosit SIDIQOV,
oʻz muxbirimiz.
Fargʻona viloyati.
