Viloyat IIB XTTB JXB JTSG inspektori Minal Qambarova 1995-yil Termiz shahrida tugʻilgan. Ziyoli oʻqituvchi oilasida tarbiya olgan Minal Termiz davlat universiteti xorijiy filologiya fakultetini tamomlagan. Ichki ishlar organlarida 2020-yildan beri faoliyat olib bormoqda. 

Minal yosh xodim boʻlishiga qaramay, turli tadbirlarda ham juda faol. U “Zakovat” oʻyinlarining viloyat IIB jamoasi aʼzosi sifatida doimiy qatnashchisi. Qolaversa, huquq-tartibot idoralari yosh xodimlari oʻrtasida oʻtkazilgan tanlovlar, xususan, 2023-yilda Samarqandda oʻtkazilgan “Toʻmaris izdoshlari” koʻrik-tanlovining faol ishtirokchisi. Buning uchun bir necha marotaba viloyat IIB hamda XTTB rahbariyati tomonidan ragʻbatlantirilgan. 

Termiz tumanida joylashgan Fayoztepa tarixiy yodgorligiga tashrif buyurgan 4 nafar germaniyalik sayyoh yoʻlidan adashib qoladi. XTTB navbatchilik qismiga shu holat boʻyicha xabar kelib tushgach, katta leytenant Minal Qambarova Fayoztepaga borib, sayyohlar bilan suhbatlashib, ularga temiryoʻl vokzalidan chipta sotib olishlariga koʻmaklashib, Toshkent shahriga kuzatib qoʻyadi. 

Minal Qambarova yoʻldan adashib qolgan, buyumlarini yoʻqotib qoʻygan sayyohlarga yaqindan yordam berib kelmoqda. Oʻz kasbini sevib, har bir vazifani sidqidildan ado etib kelayotgan yosh xodima kasbdoshlari orasida ham hurmat qozongan.

U ingliz hamda rus tilini mukammal bilgani uchun ushbu tillarda jahon adabiyotining durdona asarlarini sevib mutolaa qiladi. Ayniqsa, Lev Tolstoy romanlarini oʻzgacha ishtiyoq bilan oʻqiydi. Hozirda u S1 sertifikatini olish uchun tayyorgarlik koʻrmoqda. 

– Afsonalarga koʻra qadimda Minal ismli afsonaviy qahramon ayol yashagan va u oʻz qavmi uchun katta fidoyilik koʻrsatgan. Ismimni esa ana shu afsonaviy qahramon ayolga mengzab qoʻyishgan. Meni ham u singari Vataniga, oʻz xalqiga sadoqatli inson boʻlishimni istashgan boʻlishsa, ajab emas. Zero, tanlagan kasbim ayni fazilatlarni taqozo etadi. 2024-yilning “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili” deb eʼlon qilingani ham biz yoshlarni barcha jabhada faol boʻlishga undaydi. Men ham bunday qoʻllab-quvvatlovdan mamnun holda izlanishda davom etaman. 

Feruza RAHMONQULOVA,

oʻz muxbirimiz.

Surxondaryo viloyati.