Poytaxtimizning Yunusobod tumanida yashovchi fuqaro A.N. Yunusobod tumani IIOFMBga murojaat qilib, “Sayyod” ismli shaxs voyaga yetmagan farzandi U.N.ning suratlarini ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish bilan tahdid qilib, pul talab qilib kelayotgani haqida xabar berdi. Maʼlum boʻlishicha, Sayyod shu yoʻl bilan birinchi marta 3 million 500 ming soʻm, ikkinchi marta 3 million soʻm pul olgan. Bu bilan kifoyalanmay, yana 5 million soʻm talab qilgan.

Fuqaro murojaati asosida Oʻzbekiston Respublikasi IIV TQHB Kiberxavfsizlik markazi hamda tuman IIOFMB xodimlari hamkorlikda tezkor tadbir oʻtkazdi. Tez orada tovlamachi qoʻlga olinib, uning shaxsiga ayniqlik kiritildi. U 2001 yilda Namangan viloyatida tugʻilgan S.M. boʻlib chiqdi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, S.M.ga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi.

Shuningdek, S.M.ning sherigi “Akobir” ismli shaxsni topish maqsadida qoʻshimcha tezkor tadbirlar olib borildi. Koʻp oʻtmay, savdo doʻkonida sotuvchi boʻlib ishlovchi, 2004 yilda tugʻilgan A. M. qoʻlga olindi. U sherigi S.M.ning gapiga kirib, U.N.ning bir necha surat va videolarini internet tarmogʻiga yuklagani maʼlum boʻldi.

Ayn paytda mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Tovlamachilik hamtovoqlarga qimmatga tushadigan boʻldi.

Olimjon ERGASHOV,

Yunusobod tumani IIOFMB

Jinoyat qidiruv boʻlimi xodimi,

podpolkovnik.