Ayni paytda respublikamizning koʻplab hududlari, jumladan Andijon viloyatining barcha tuman va shaharlarini qalin tuman qoplagan. Ayrim joylarda yoʻllarda koʻrinish masofasi 150–200 metrgacha qisqarib, harakat xavfsizligiga jiddiy taʼsir koʻrsatmoqda. Bunday ob-havo sharoitida yoʻl-transport hodisalarining oldini olish, ayniqsa, haydovchilardan yuqori ehtiyotkorlik va qoidalarga qatʼiy rioya etishni talab qiladi.

Zero, tuman paytida haydovchining yoʻlni, oldinda harakatlanayotgan transport vositalarini hamda piyodalarni oʻz vaqtida koʻrishi ancha qiyinlashadi. Shu bois xavfsiz harakatni taʼminlash maqsadida qanday choralarga amal qilish lozim? Ushbu savol bilan Andijon viloyati IIB Jamoat xavfsizligi xizmati Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi axborot xizmati katta mutaxassisi, katta leytenant Abdumajid Rayimjonovga murojaat qildik.

– Qalin tuman tushgan paytda, eng avvalo, harakat tezligini ob-havo va koʻrinish sharoitiga mos ravishda pasaytirish zarur. Chunki cheklangan koʻrinish masofasida yuqori tezlikda harakatlanish favqulodda toʻxtash imkoniyatini kamaytiradi va avariya xavfini bir necha barobar oshiradi.

Shuningdek, avtomashinaning yaqin va uzoq yoritgichlarini yoʻl harakati qoidalariga muvofiq yoqib yurish, tumanga qarshi maxsus faralardan foydalanish muhim ahamiyatga ega. Oldinda harakatlanayotgan transport vositasi bilan xavfsiz masofani saqlash esa kutilmagan toʻsiq yoki holat yuzaga kelganda oʻz vaqtida toʻxtab qolish imkonini beradi.

Tumanli ob-havo sharoitida toʻsatdan qator oʻzgartirish, keskin burilish yoki qoidaga zid ravishda quvib oʻtish harakatlari ayniqsa xavfli hisoblanadi. Shu sababli haydovchilar imkoni boricha barqaror harakatlanib, yoʻl belgilari, yoʻl chiziqlari hamda svetofor signallariga alohida eʼtibor qaratishi lozim.

Agar koʻrinish masofasi yanada qisqarib, harakatni davom ettirish xavfli boʻlib qolsa, avtomashinani yoʻl chetida xavfsiz joyda toʻxtatib, avariya yoritgichlarini yoqqan holda ob-havo yaxshilanishini kutish tavsiya etiladi. Bunday ehtiyotkorlik nafaqat haydovchining, balki yoʻl harakatida ishtirok etayotgan barcha fuqarolarning xavfsizligini taʼminlashga xizmat qiladi.

Saminjon HUSANZODA yozib oldi.