OʻTMISHGA SAYOXAT

Xorazmshohlar davlati (1097-1231) nafaqat Xorazm, balki Dashti Qipchoqning janubi, Sharqiy Turkiston, Oʻrta Osiyo, Yaqin va Oʻrta Sharq davlatlarini birlashtirgan buyuk saltanat boʻlgan. Xorazmshoh Takish qipchoqlarni oʻziga ogʻdirish niyatida qipchoq xoni Jonkishining qizi Turkon Xotunga uylanadi. Takish mamlakat hududini ikki karra kengaytiradi. Ammo uning siyosatidagi katta xatosi, qipchoq qoʻmondonlariga koʻrsatilgan homiyligi edi. Qipchoqlar Takishning rafiqasi xayrixohligidan foydalanib, davlat ishlariga koʻproq taʼsir koʻrsatishga intilgan. Bu aralashuvlar keyinchalik Takish oʻgʻli Muhammad zamonida Xorazm davlatining parchalanishiga olib keladi. Takish vafotidan soʻng, davlat tepasiga kelgan oʻgʻli Alouddin Muhammad Xorazmshoh davrida onasi Turkon Xotunning obroʻsi koʻtarilib, davlat ishlarini ham boshqargan.

    Xorazmshohlar davlat kotibi Shahobiddin Muhammad an-Nasaviyning guvohlik berishicha, makkor Turkon Xotun oʻgʻliga shu darajada taʼsir koʻrsatganki, natijada Xorazmshoh Muhammad mamlakat ichkarisidagina emas, balki xalqaro maydonda ham Xorazmning yagona hukmdori sifatidagi rolini boy beradi. Bundan tashqari, katta qudratga ega boʻlgan sarkardalarning koʻpchiligi qipchoqlardan boʻlgani bois, hukmdor onasiga yon berishga majbur boʻlgan. Hatto Xorazmshoh Muhammad mastligida onasi Turkon Xotunning hiyonati tufayli shayx Najmiddin Kubroning shogirdi shayx Majididdin Bagʻdodiyni qatl qilish haqida farmon ham beradi. Bagʻdodiyning qatl etilishi din ulamolarini Muhammaddan ixlosini qaytargan edi. Turkon Xotunning bunday nodonligi Xorazmshohlar davlatiga sonsiz kulfatlar keltirgan.

Jaloliddin voyaga yetgach, 1215 yilda otasi Xorazmshoh Muhammad uni taxt vorisi etib tayinlangan. Biroq Turkon xotun va qipchoq amirlarining qatʼiy noroziligi sababli ukasi Qutbiddin Oʻzloqshoh foydasiga vorislikdan mahrum etilgan. Jaloliddin otasining harbiy yurishlarida ishtirok etib, oʻzining jasur jangchi, iqtidorli sarkardalik qobiliyatlarini namoyish etadi.     

     Moʻgʻul qoʻshini Samarqandga yaqinlashganda Xorazmshoh Muhammad Kaspiy dengizi boʻyida joylashgan Obeskun shahri yaqinidagi Ashurada orolidan panoh topgan. Ogʻir bemor boʻlgan Muhammad oʻgʻillarini yoniga chorlab, soʻnggi damda Jaloliddinni oʻz oʻrniga Xorazmshoh etib tayinlagan (1220). Jaloliddin Manguberdi ukalari Oqshoh va Qutbiddin Oʻzloqshohlar bilan birga Urganch mudofaasiga oshiqadi. Lekin Urganchdagi qipchoq amirlari Turkon xotunning akasi Xumorteginni sulton deb eʼlon qilib, Jaloliddin Manguberdiga qarshi suiqasd uyushtirmoqchi boʻldilar. Bundan xabar topgan Jaloliddin Manguberdi Temur Malik boshchiligidagi 300 kishilik suvoriylar bilan oʻz vatani – Xorazmni tashlab Xurosonga ketishga majbur boʻladi.

Madina Qahhorova tayyorladi.