Qoʻngʻirot tumani «Jasliq» posyolka fuqarolar yigʻini chegara oldi hududlaridan biri hisoblanadi. Har kuni bu yerdan yuzlab insonlar kirib–chiqishadi. Shu boisdan ham xizmat olib borayotgan ichki ishlar xodimlaridan doimo hushyorlik talab qilinadi. 

Bu yerda joylashgan Boʻston temir yoʻl bekati hududidagi vaziyatni kuzatish uchun aylanishga chiqqan mayor Ataqoʻzi Qurbanbayevning yoʻlovchilar orasida ikki ayol eʼtiborini tortdi. Bir qaraganda boshqa yoʻlovchilar kabi koʻringani bilan, ularning biri atrofga hadik bilan qarab qoʻyardi. 

Bundan shubhalangan mayor A.Qurbanbayev ularning nima bilan mashgʻul ekanligini tekshirib koʻrishga qaror qiladi. U adashmagandi, ayollardan biri noqonuniy valyuta ayriboshlash bilan shugʻullanayotgan ekan. 

Albatta, bu oddiy holatdek koʻringani bilan bugungi kunda qalbaki pul mablagʻlari muomalaga kirib kelish ehtimoli yuzaga kelishi hech kimga sir emas. Natijada esa, firibgarlarga chuv tushib qolish mumkin.

Qahramonimiz A.Qurbanbaev 1983 yili Amudaryo tumani Mangʻit shahrida tavallud topgan. Dastlabki faoliyatini 2006 yili Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qoʻngʻirot tumani IIB huzuridagi Qoʻriqlash boʻlinmasi milisioneri boʻlib ishlashdan boshlaydi. 2008-2012-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi IIV Toshkent oliy harbiy-texnik bilim yurtida taʼlim oladi. 2012–2019 yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV 81-sonli, 71-sonli koloniyalarida tezkor vakil boʻlib ishlaydi.

2019-yildan ayni kunga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Transportda xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasi Boʻston bekati boʻlinmasi boshligʻi lavozimida ishlab, tinchlik–osoyishtalikni taʼminlash, fuqarolar xavfsizligini taʼminlashda shuningdek, turli qonunbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishda munosib hissa qoʻshib kelmoqda.

Xususan, oʻtgan 2023-yilda hududda faqatgina 2 ta noqonuniy valyuta ayriboshlash va 1 ta maʼmuriy javobgarlik holat aniqlandi. 

Azamat PIRNIYAZOV,

Oʻz muxbirimiz 

Qoraqalpogʻiston Respublikasi.