Fargʻonada faxriy ayollar, ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan shahodatlangan xodimalar hamda IIV Fargʻona akademik liseyi oʻquvchi-qizlari ishtirokida uch avlod uchrashuvi oʻtkazildi.
Uchrashuvda IIV Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar xizmati boshligʻining xotin-qizlar masalalari boʻyicha oʻrinbosari, podpolkovnik Nargiza Mirjalolova ishtirok etib, sohada xizmat qilayotgan ayollarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida soʻz yuritdi.
Shuningdek, tadbirda isteʼfodagi mayor Diloromxon Nazirova, isteʼfodagi kapitan Nurxon Joʻraeva soʻzga chiqib, yosh xodimlarga oʻz hayotiy tajribalari haqida gapirib berdilar.
Tadbir davomida ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xotin-qizlarning ish samaradorligini oshirish, oʻz ustida ishlash va xizmat burchiga boʻlgan ishtiyoqini yanada oshirish maqsadida psixologik trening ham oʻtkazildi. Treningda soha malikalari fuqarolar bilan qanday muomalada boʻlish, farzand tarbiyasi, ish jarayonida uchraydigan muammolarni hal qilish borasida zarur bilimlarga ega boʻlishdi.
Bundan tashqari, tadbirda yuqori natijalarga erishib, safdoshlariga har tomonlama oʻrnak boʻlayotgan bir guruh faol xodimalar munosib taqdirlandi.
Uch avlod uchrashuvidan soʻng mehmonlar Fargʻona viloyati IIB Tibbiyot boʻlimi poliklinikasi hamda IIV Fargʻona akademik liseyida ham boʻldilar.
Abduvosit SIDIQOV,
“Postda” muxbiri.
Fargʻona viloyati.
