Yaqinda tungi soat taxminan 22:30 lar atrofida Qoʻngʻirot tumanlararo qoʻriqlash boʻlimiga kelib tushgan xabarga koʻra, «Taxiatosh neftbaza» korxonasining tumandagi «Taroqli» mahalla fuqarolar yigʻini hududida joylashgan filialida oʻgʻirlik sodir etilayotgan edi. Voqea joyiga yetib borgan tezkor harakatlanuvchi guruh xodimlari uch nafar fuqaroni tashkilotning vagonlar kirishi uchun moʻljallangan darvozasi yonida plastik idishlarda jami 220 litr dizel yoqilgʻisini hech qanday hujjatlarsiz, mast holatda olib ketmoqchi boʻlgan vaqtida qoʻlga olishdi. Mazkur shaxslardan biriga tegishli avtomashina jarima maydonchasiga joylashtirildi. Ushbu transport vositasini mast holda boshqargani uchun unga nisbatan Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV YHXB YPX otryadi xodimlari tomonidan hujjatlar rasmiylashtirildi.
Olib borilgan surishtiruv harakatlari chogʻida oʻgʻirlikni mazkur korxona ishchilari D.U, S.B hamda B.J sodir etgani aniqlandi. Aybdorlarga nisbatan qonunga muvofiq, tegishli jazo choralari tayinlandi.
Allamurat XOJANAZAROV,
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qoʻriqlash boshqarmasi
Axborot guruhi bosh mutaxassisi, kapitan.
