Fuqaro N.R savdo markazi qurib, tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish maqsadida shahar hududidan yer-joy koʻrib yurgandi. Bir kuni Amir Temur koʻchasida 150 kv.metr boʻsh yer borligidan xabar topdi. Tanish-bilishlaridan shu yer haqida soʻrab-surishtirdi.
Roʻparasidan chiqqan “Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filialida loyihalashtirish boʻlimi bosh arxitektori lavozimida ishlaydigan I.P 300 AQSh dollari evaziga bu masalani hal qilib berishini aytdi. U mazkur yerni kadastr palatasi va arxitektura boʻlimida ishlovchi tanishlari orqali auksion savdosiga qoʻyib, hatto savdoda N. R.ning yutib chiqishini ham taʼminlashni oʻz boʻyniga oldi.
N.R inson omiliga bogʻliq boʻlmagan auksion tenderida yutib chiqishiga unchalik ham koʻzi yetmadi, shekilli, bu haqda huquqni muhofaza qilish organlariga xabar berdi. “Uchar hojatbaror” vaʼda qilgan xizmati evaziga kelishilgan 300 AQSh dollarini olayotgan paytda Navoiy viloyati IIB TQX JQB korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boʻlimi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining hamkorlikda oʻtkazgan tezkor tadbiri davomida qoʻlga olindi. Hozirda ushbu holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Mahliyo XOLOVA,
“Postda” muxbiri.
Navoiy viloyati.
