– Avvalo, shu sohani tanlashingiz qanday boshlangani haqida gapirsangiz.
– Uyimiz temiryoʻl yoqasida boʻlgan. Koʻpchilikka yoqmasa-da, men uchun poyezdlarning ovozi musiqa ohangidek xush yoqardi. Sohaga qiziqishimda ota-onamning duosi va
ishonchi alohida oʻrin tutgan. Onam – Munira Boqiyeva «Oʻzbekiston temiryoʻllari» AJ Toshkent mintavaqiy temiryoʻl uzeli Xovos bekati operatori boʻlib ishlaydi. Uning egniga formani kiyib, ishga ketishini koʻrib, «Men ham ana shunday boʻlaman», deya orzu qilganman. Shuning uchun maktabni tugatib, hech ikkilanmasdan, Toshkent temiryoʻl transporti kasb-hunar kollejiga oʻqishga kirdim. Taʼlim muassasasini tamomlab, «Oʻzbekiston temiryoʻllari» AJ Ishlarni boshqarish direksiyasi Markaziy temiryoʻllar madaniyat saroyida hisobchi boʻlib ishlay boshladim. Bir kuni xotin-qizlarni mashinistlikka oʻqitish haqida eʼlon chiqdi. Bu xabarni eshitgach, orzularim ushaladigan paytlar kelganidan ich-ichimdan suyunib ketganman. «Feruza, bu seni orzuing-ku, nega urinib koʻrmaysan?» dedim oʻzimga oʻzim. Hujjatlarimni topshirdim, bir nechta jiddiy sinovlardan oʻtdim va 2020-yildan buyon «Afrosiyob» elektropoyezdida mashinist yordamchisi sifatida ishlab kelmoqdaman.
– Ish kuni qanday boshlanadi? Bu koʻpchilik uchun qiziq.
– Tonggi soat 04:00 da ish kunimiz boshlanadi. Avvalo, depo navbatchisidan yoʻriqnoma olamiz, soʻng tibbiy koʻrikdan oʻtamiz. Keyin poyezdni qabul qilib, texnik holatini tekshiramiz. Vokzalga keltirgach, yoʻlovchilar joylashadi, shundan keyin safar boshlanadi. Manzilga yetganimizdan keyin dam olish xonalari bor – u yerda biroz dam olamiz va yana qaytish tadorigini koʻramiz. Qisqa qilib aytganda, faoliyatimiz diqqat-eʼtiborni va aniqlikni talab qiladi, javobgarligi katta. Bir zum boʻlsa-da, hushyorlikni unutishga haqqimiz yoʻq. Chunki bu – yuzlab yoʻlovchilar hayotiga javob berish, katta masʼuliyat demak.
– Ham ishni, ham oilani birdek olib borish qiyin emasmi?
– Toʻgʻri, bizning ishimiz asosan yoʻllarda oʻtadi. Uzoq viloyatlarga borganimizda bir kun u yerda qolishga ham toʻgʻri keladi. Shunday paytlarda turmush oʻrtogʻimning meni tushunishi va koʻmagi dalda boʻladi. Ishga boʻlgan ishtiyoqim yanada oshadi. Ular mening eng yaqin tayanchim va suyanchim. Ayol kishi oʻzi harakat qilsa, ham oilasini ham ishini birdek olib bora oladi. Faqat bunga intilish kerak. Ishdan boʻsh paytlarimda uyimizdagi barcha masʼuliyatni oʻz zimmamga olaman – shirin taomlar tayyorlayman, oilam bilan vaqtni xush oʻtkazishga harakat qilaman.
– Maqsadga qatʼiyat bilan intilishingiz natijasini koʻrib turibmiz. Sizga havas qilgan yoshlarga maslahatingiz...
– Albatta, oʻqib-oʻrganish, oʻz ustida ishlash lozim. Bizning ishimizda doimiy oʻqib-oʻrganish talab etiladi. Har dushanba nazariy va amaliy dasturlarimiz boʻladi, boʻsh vaqtlarimda esa sohaga oid adabiyotlar oʻqib, internet orqali yangi maʼlumotlar oʻrganib boraman. Inson oʻz ustida tinimsiz ishlasa, toʻsiq qolmaydi, barcha eshiklar ochiladi. Shu sabab, tengqurlarim va yoshlarga maslahatim – oʻqing, oʻrganing, harakatdan toʻxtamang. Yurtimizda imkoniyatlar katta, ulardan foydalanish esa oʻzingizning qoʻlingizda. Qolaversa, ota-ona duosi hamda ustozlar oʻgiti va maslahatlari muhim ahamiyat kasb etadi.
– Ustozlaringiz sizning kasbiy rivojlanishingizda qanday oʻrin tutgan va ulardan olgan saboqlaringiz?
– Hayotdagi ustozlarim, avvalambor, ota-onam. Oʻqishda va ishda ustozlarim – Ulugʻbek Kurakov, Rustam Turakulov, Rustam Qayumov, Sergey Davidov va Akmal Yuldoshevlardan koʻp narsalarni oʻrgandim. Ular nafaqat bilim va tajribamni oshirishda koʻmakchi, balki hayotda yoʻl koʻrsatuvchi, toʻgʻri qaror qabul qilishimda ham alohida oʻrin tutgan. Meni bu darajaga yetishimda ularning hissasi beqiyos. Ustozlarimning tajribasi, mehri va talabchanligi nafaqat bilim, balki masʼuliyat, qatʼiyat va intizomni oʻrgatdi. Ulardan olgan eng katta sabogʻim – bilim olishdan toʻxtamaslik, bugunning kechagidan yaxshiroq boʻlishiga intilish. Hayotda yana bir muhim ustoz bor, bu – kitob. Hozirgi kunda ham bir nechta kitoblarni mutolaa qilsam-da, lekin yoshligimdan sevib oʻqiydigan Pirimqul Qodirovning «Avlodlar dovoni» va «Yulduzli tunlar» asarlari hayotimda alohida ahamiyat kasb etgan.
– Har bir inson oldiga maqsad qoʻyib yashaydi. Sizning kelajakdagi rejalaringiz qanday?
– Hayotda qadam-baqadam oʻz maqsadlarim sari intilib yashayapman. Eng asosiy maqsadim – birinchi toifali mashinist boʻlish. Bu mavqega yetishish yuqori malaka, masʼuliyat va doimiy oʻz ustida ishlashni talab qiladi. Shu bois har kuni sohaga oid kitoblar mutolaa qilaman, internet manbalari orqali yangi texnologiyalar, zamonaviy poyezdlar va temiryoʻl sohasidagi tendensiyalarni oʻrganib boraman. Eng katta orzularimdan yana biri – Ispaniya davlatiga borib, yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlar boʻyicha malaka oshirish. Ispaniya bu sohada jahonning yetakchi mamlakatlaridan biri hisoblanadi.
U yerdagi tezyurar poyezdlar, zamonaviy mashinistlar tayyorlash tizimi va xavfsizlik standartlari xalqaro miqyosda eʼtirof etilgan. Shu bois mazkur davlatda malaka oshirish nafaqat tajriba orttirish, balki professional faoliyatimda yuqori bosqichga koʻtarilish imkonini ham beradi.
Oʻz muxbirimiz
Sarvar SOBIROV suhbatlashdi.
Maʼlumot oʻrnida
Feruza Boqiyeva 2000-yilda Sirdaryo viloyati Yangiyer shahrida tavallud topgan. 2018-yilda Toshkent temir yoʻl transporti kasb-hunar kollejini tamomlagan. Ish faoliyatini shu yili «Oʻzbekiston temiryoʻllari» aksiyadorlik jamiyatining Ishlarni boshqarish direksiyasi Markaziy temiryoʻllar madaniyat saroyi hisobchisi lavozimidan boshlagan. 2020-yildan «Afrosiyob» yuqori tezyurar elektropoyezdi mashinisti yordamchisi. 2023-yilda «Yoshlar kuni» munosabati bilan Prezidentimizning farmoniga asosan, «Kelajak bunyodkori» medali bilan mukofotlangan.
