Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, muborak maskanga alohida eʼtibor qaratildi. Ayniqsa, joriy yilda muqaddas qadamjo tubdan qayta qurildi va rekonstruksiya qilindi. Bu yerda ziyoratchilar uchun Xorazm meʼmorchilik uslubida past ayvonlar, yoʻlaklar, favvoralar, dam olish oʻrindiqlari, avtoturargohlar bunyod etildi. Yoʻlaklar atrofiga voha iqlimiga mos turli manzarali daraxt koʻchatlari, gullar ekildi. Milliy hunarmandchilik ustaxonalari, savdo shoxobchalari ishga tushirildi. Qolaversa, bu ulugʻ zotning hayoti va faoliyatiga oid barcha maʼlumotlar jamlangan alohida ayvon tashkil etildi.

Amalga oshirilgan bunday ulkan bunyodkorlik ishlari natijasida Yusuf Hamadoniy ziyoratgohi qisqa muddatda yurtimizdagi yirik sayyohlik markazlaridan biriga aylandi. Ziyoratgohga kirishda koʻkka boʻy choʻzgan minora va mahobatli masjidga koʻzingiz tushadi. Xivalik ustalar tomonidan mohirona bezak berib ishlangan ushbu obidalar oʻziga xosligi bilan kishi eʼtiborini tortadi. Naqshinkor eshikdan ichkariga kirar ekansiz, devordagi turfa bezaklar, qandillar kishini befarq qoldirmaydi.

Avliyolar qabrlari joylashgan maqbaraga esa ichki eshik orqali kiriladi. Ushbu maqbara beshta gumbazdan iborat boʻlib, kiraverishdagi koshinlarda hadisi shariflar bitilgan. Bu muborak qadamjoni ziyorat qilar ekansiz, oʻzingizni ruhan tetik, jisman yengil his qilasiz.

Yusuf Hamadoniy Hamadonda tugʻilgan. U avval oilasida, soʻngra Isfahon shahridagi madrasada tahsil oladi, 18 yoshida Bagʻdodga keladi va 15 yil shu yerda yashaydi. Bu yerda Abu Isʼhoq Sheroziydan va boshqa koʻplab allomalardan taʼlim oladi. Soʻngra Isfahon, Samarqand, Buxoroga kelib, ilm oʻrganishda davom etadi. Tasavvuf ilmini Abu Ali Formadiy, Abdulloh Juvayniy va Hasan Simnoniylardan oʻrganadi. Oʻttiz marotaba piyoda Haj ziyoratiga boradi. Yusuf Hamadoniy Buxoroda uzoq muddat yashab, Ahmad Yassaviy va Abduxoliq Gʻijduvoniy va bosh­qa mashoyixlarga ustozlik qiladi va keyinchalik Xojagon Naqshbandiya tariqatining ayrim qoidalarini ishlab chiqadi. Buyuk alloma tasavvufga oid «Rutbat ul-hayot» («Hayot mezoni»), «Kashf», «Risola dar odobi tariqat», «Risola dar axloq va munojot» kabi asarlar muallifidir. Ul zotdan ilm oʻrgangan Xoja Abdulloh Barraqiy, Xoja Hasan Andoqiy, Xoja Ahmad Yassaviy, Xoja Abdulxoliq Gʻijduvoniy va Xoja Hakim Sanoʻiylar buyuk shayx va tariqat namoyandalari boʻlib yetishgan. Bu insonning isteʼdodi va maqomi qanchalik ulugʻ boʻlganini 17 nafar muridi komil avliyo darajasiga yetganidan ham bilish mumkin. Shuning uchun Yusuf Hamadoniyni Pirlarning ustozi, Pirlarning piri, ulli Pir, deb ham atashgan. 

Xudoybergan JABBOROV,

oʻz muxbirimiz.

Xorazm viloyati.