Respublika ixtisos­lash­tirilgan ruhiy salomatlik 

ilmiy-amaliy tibbiyot mar­kazi­ning Jizzax viloyati filialida davolanayotgan bu inson oʻgʻirlik sabab qamalgan, hozirda giyoh­vandlikdan davolanish uchun bu yerga keltirilgan. Oʻgʻirlikka esa zahri qotilga yetadigan pul topish maqsadida qoʻl urganini ham yashirib oʻtirmadi. Afsuski, muassasada giyoh­vandlikdan davolana­yotgan har bir shaxsning mana shunday ayanchli oʻtmishi, qaygʻuli tarixi bor. 

– Dangalini aytaman, men hayotda koʻp narsa yoʻqotdim, odamlar mening ahvolimni bi­lishsin, faqat ism-sha­rifimni aytmang, iltimos, – deya gap boshladi yana bir suhbatdoshim. – Hammasiga oʻzim aybdorman. Ota-onam yaxshi insonlar edi. Otam haydovchi edi, onam uy bekasi. Men oʻrtancha oʻgʻil edim. Sinfdoshlar bilan avval sigaret che­kib koʻrdik, soʻngra nos. Bar-kafelarga borganimizda bizdan toʻrt-besh yosh katta yigitlar nasha che­kib koʻrishni taklif qilish­di. Pul topib sotib oldik. Taʼmi yoq­di, oxir-oqibat uning quliga aylandik. Men ota-onam­ning gaplariga quloq solmadim. Ulardan yashirib isteʼmol qilib yurdim. Uyla­nib, bolalik boʻlganimda ham aqlim kirmadi. Oilam bilan ajrashdim. Bir nafar farzandimni tirik yetim qildim. Aka-ukam, opa-singlim bilan yuz koʻrmas boʻldim. Sababi ulardan dori uchun bir necha martalab qarz olib bermay ketdim. Keyin ular qarz bermay qoʻyishdi... 

Endi bu koʻchaga yaqin yoʻlamayman. Ammo qani ota-yu ona? Qani sevimli yorim, shirin farzandim? Jon-jigarlarim? Endi qirq yoshga kirayapman, tuzalmas dardga chalinib, umrim oxirlab borayotganini ham sezayapman. Mendan nima qoladi?... (koʻziga yosh qalqidi).

– Bu yigit asli Toshkent shahridan. Giyohvand­lik sabab tugʻilgan uyi­dan chiqib ketgan. Jizzax shahrida noiloj mardikorlik bilan kun kechirayotgan vaqtida giyoh­vand ekanligi aniqlanib, ichki ishlar xodim­lari tomonidan maj­buriy tarzda davolanishga jalb qilingan. 98 oʻringa moʻljallangan shifoxonada bemorlar alko­golizm, giyoh­vandlik va zaharvand­likdan davolanishadi. Bu yerda tibbiy, psixologik va ijtimoiy choralarning har biri oʻz ahamiyatiga ega. Eng muhimi, umidsizlikka tushmaslik, dardni yashirmasdan, undan xalos boʻlish uchun intilish kerak. Davolasa boʻladigan dard bu. Inson oʻzining metin irodasi bilan har qanday dardni yenga oladi, – deydi Jizzax viloyati IIB JXX HPB Voyaga yetmaganlar va yoshlar bilan ishlash guruhi muhim topshiriqlar boʻyicha inspektori, kapitan Oʻrolbek Abduazimov. – Bugungi kunda mazkur muassasaga joriy yilning ikki oyi­da 33 nafar giyohvandlik va spirtli ichimlikka ruju qoʻygan shaxslar majburiy davolanishga joylashtirildi. Ularning nafaqat tibbiy yoʻl bilan, balki kuchli iroda va psixologik qoʻllab-quvvatlash orqali davo topishlari uchun hamkorlikda choralar koʻrilmoqda.

«Yoshlar orasida gi­yohvandlik va psixotrop moddalar tarqalishining oldini olish» kompleks tezkor-profilaktik tadbirlari davomida taʼlim muassa­salari va aholi oʻrtasida sport musobaqalari, uchrashuvlar, seminarlar, bahs-munozaralar tashkil etilyapti. Giyohvandlikning ayanchli oqibatlarini yoritish yoʻli bilan targʻibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda. Viloyatda mavjud 565 ta umumtaʼlim maktabi, 31 ta texnikum, oliy taʼlim muassasasi va 304 ta mahallada yoshlar orasida giyohvandlikning oldini olishga qaratilgan targʻibot tadbirlari, davra suhbati va uchrashuvlar oʻtkazildi. Oliy taʼlim muassasalari talabalarining Jizzax shahridagi 29-sonli manzil-koloniyaga tashrifi uyushtirilib, narkojinoyatlar sodir etgan shaxslarning qismati haqida jonli misollar keltirildi. Jarayonda giyohvandlikning ogʻir oqibatlari, mudhish asoratlari haqida taʼsirchan tushun­tirishlar berilib, toksikomaniya va kuchli psi­xotrop dori vositalar zanjiri giyohvandlikka yetaklashi uqtirilmoqda. Shuningdek, taniqli shaxslar ishtirokida chellenjlar oʻtkazilib, ijtimoiy tarmoqlar orqali keng yoritilayapti. Targʻibotning barcha taʼsirchan choralari­ni koʻrish orqali yoshlarni ushbu illat taʼsiridan saqlash – asosiy maq­sadimiz. 

Muqaddas 

SAPAROVA,

oʻz muxbirimiz.

Jizzax viloyati.