Navoiy viloyati IIB Transportda xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasi xodimlari navbatdagi reyd tadbirini yarim tunda oʻtkazishni rejalashtirishdi. Joriy yilning 3-noyabrga oʻtar kechasi soat 00:30larda Quyimozor-Buxoro temir yoʻl bekatlari oraligʻida oʻtkazilgan tungi reyd davomida ular qonun buzilish holatiga duch kelishdi. 

Gap shundaki, ayni kunlarda Navoiy va Buxoro viloyatlari chegarasidan oʻtgan Amu – Buxoro kanali ustida koʻprik qurilishi ishlari olib borilmoqda. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJga qarashli koʻprik qurilish tresti korxonasida haydovchi boʻlib ishlovchi J.K maxsus koʻprik qurish transportini boshqaradi. Unga ish kunining boshida keraklicha dizelʼ yoqilgʻisi ajratiladi. Ustomon haydovchi yoqilgʻini tejab, hujjatlarda esa sarflangan miqdorini ortigʻi bilan yozib, 180 litr dizelʼ yoqilgʻisini sotishni maqsad qiladi. Qiziltepalik B.F. hamda J.A singari ikki xaridorni topib, ularga yoqilgʻining bir litrini 8000 soʻmdan sotishini aytadi.

Viloyat IIB TXTB xodimlarining tezkor harakatlari natijasida noqonuniy yoqilgʻi savdosiga chek qoʻyildi. Gumon qilinuvchilardan 9 dona 20 litr hajmli yelim idishlarda jami 180 litr dizelʼ yoqilgʻisi ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olindi.


Mahliyo XOLOVA, 

“Postda” muxbiri.

Navoiy viloyati.