Shofirkon tumani IIB JXX HPB profilaktika katta inspektori, kapitan Abbos Gʻafforovni hamkasblari soha fidoyisi sifatida qadrlashadi. Bunday hurmatga samimiyligi, hech kimdan yordamini ayamasligi hamda ishiga sidqidildan yondashishi orqali erishgan. Shuningdek, u «ustoz-shogird» anʼanalarini davom ettirib, ishga yangi qabul qilingan yosh profilaktika inspektorlariga boy tajribalarini oʻrgatib kelmoqda.
– Ustozim bilan yelkama-yelka, yonma-yon turib xizmat qilayotganimdan faxrlanaman, – deydi leytenant Mirshod Nurillayev.
– U kishidan fuqarolar tomonidan tushadigan ariza va shikoyatlarni oʻrganish, maʼmuriy hujjatlarni yuritish, qisqasi, sohaviy bilimlarni puxta oʻzlashtirish hamda jinoyat va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish sir-asrorlarini qunt bilan oʻrganmoqdaman. Shuningdek, Abbos aka oʻz hududlaridagi aholining tinchlik-xotirjamligini taʼminlashdan ortib, men singari boshqa profilaktika inspektorlariga ham yoʻl-yoʻriq koʻrsatib kelyapti.
Oʻqish, oʻrganish va izlanish har qanday kasbda ham mahoratni oshirishning bosh omilidir. Tuman IIBda yaxshi yoʻlga qoʻyilgan anʼana yoshlarning kasb sirlarini mukammal oʻrganishlarida muhim ahamiyat kasb etyapti.
Mirzoqul AHADOV,
oʻz muxbirimiz.
Buxoro viloyati.
