Fargʻona viloyati IIB YHXB va uning tarkibiy tuzilmalarida xizmat qilayotgan yosh xodimlarni kasbga sadoqat ruhida tarbiyalashda “ustoz-shogird” anʼanasidan samarali foydalanilmoqda. Joylarda uch avlod urashuvlarini tashkil etish orqali ustozlarning boy amaliy tajribasi yoshlar ongiga chuqur singdirilmoqda.

Yaqinda Fargʻona shahrida yoʻl harakati xavfsizligi xizmati xodimlari, ularning ota-onalari, soha faxriylari ishtirokida ana shunday uchrashuv oʻtkazildi.

 Tadbirda IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi boshligʻi, podpolkovnik Avazbek Isaqov, viloyat IIB Faxriylar kengashi raisi, isteʼfodagi podpolkovnik Arabboy Usmonov va boshqalar soʻzga chiqib, Vatanga muhabbatli, kasbga sadoqatli, xizmat intizomiga rioya etish, taʼmagirlik holatlarining oldini olish, haydovchilar bilan xushmuomala boʻlish yuzasidan fikr bildirdilar.

Xodimlarning tarbiyasi, yurish-turishi, xizmatga boʻlgan munosabatida oilaning roli katta ekanligi alohida taʼkidlanib, bu borada ota-onalarning masʼuliyati haqida ham eslatib oʻtildi.  

Kelgusida boshqarma rahbariyati, Faxriylar kengashi hamda ota-onalarning hamkorligini yanada yaxshilashga kelishib olindi.

Abduvahob MIRZAQULOV,

isteʼfodagi podpolkovnik.

Fargʻona viloyati.