Umrimiz sinovlarga toʻla. Har birimiz hayotning turfa imtihonlariga duch kelamiz. Oʻsha damlarda biz bugun otlangan yoʻllarni allaqachon bosib oʻtgan, hayotning pastu balandini yaxshi bilgan, boy tajriba toʻplagan faxriylarimizning yordamiga, dono maslahatlariga ehtiyoj sezamiz. Zero, qaysi sohada boʻlmasin, ularning maslahatlarisiz ijobiy natijalarga erishish mushkul. 

IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamentida ham uzoq yillar el-yurt osoyishtaligini taʼminlashga munosib hissa qoʻshgan faxriylarimiz, qadrli ustozlarimiz talaygina. Ular ishtirokida «Uch avlod uchrashuvlari» muntazam oʻtkazib kelinmoqda. Bunday xayrli tadbirlar yosh xodimlarni yuksak vatanparvarlik, burchga sadoqat ruhida tarbiyalashda katta ahamiyat kasb etmoqda. 

«Keksalar uchun turizm oyligi» doirasida faxriylarimiz IIVga qarashli «Oqtosh» oromgohida maroqli hordiq chiqarishdi. Sayohat davomida ular oʻzaro dildan gurunglashib, xizmat davrlarini, boshidan kechirgan qiyinchiliklarni, qiziqarli va ibratli voqealarni yodga olishdi. 

– Shogirdlarimizning bizga koʻrsatayotgan yuksak eʼtiboridan cheksiz mamnunmiz, – deydi isteʼfodagi polkovnik Ravshan Sarikov. – Ona yurtimiz tinch-ligi, xalqimiz osoyishtaligi yoʻlida ozmi-koʻpmi xizmat qildik. Mahallada yoki ichki ishlar organlarida oʻtkazilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarda qatnashib, yoshlarga nasihat qilib, yoʻl-yoʻriq koʻrsatyapmiz. Hayotimiz davomida toʻplagan tajribalarimizni ular bilan oʻrtoqlashyapmiz. 

Keksalarga hurmat-ehtirom koʻrsatish, ularning duosini olish, pandu nasihatlariga amal qilish kecha yoki bugun paydo boʻlgan qadriyat emas. Bular ota-bobolarimizdan oʻtib kelayotgan koʻhna urf-odatlarimizdandir. Qolaversa, bu yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, burchga sadoqat va fidoyilik sifatlarini kamol toptirishda muhim omil hisoblanadi. 

Gapur KURAMBAYEV,

polkovnik.