Yurtimizning barcha goʻshalarida boʻlgani kabi, Qoraqalpogʻiston Respublikasida ham yosh, isteʼdodli xodimlar koʻpchilikni tashkil etadi. Ulardan biri Nukus shahar boʻyicha IIOFMB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlimi voyaga yetmaganlar va yoshlar bilan ishlash guruhining voyaga yetmaganlar masalalari boʻyicha inspektor-psixologi, leytenant Aziza Bayjigitovadir.
U oʻquvchilik yillaridayoq, sportda erishgan yutuqlari bois Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Oradan biroz vaqt oʻtib esa karatening WKF yoʻnalishi boʻyicha oʻtkazilgan Oʻzbekiston kubogi musobaqasida faxrli 1-oʻrinni qoʻlga kiritdi. Azizaning bu kabi gʻalabalarga erishishida unga barcha sharoitlarni yaratib bergan ota-onasining oʻrni beqiyosdir.
Sportdagi muvaffaqiyatlari tufayli IIV Akademiyasiga imtiyozli ravishda qabul qilingan Aziza qunt bilan bilim oldi. Ayni paytda ustozlarining beminnat koʻmagida kasb sir-asrorlarini oʻrganib kelayotgan qahramonimiz ularning ishonchini oqlashga harakat qilayotir.
– Bolaligimda sport bilan muntazam shugʻullanib, chempion boʻlishni orzu qilardim. Keyinchalik orzularim yanada koʻpaydi. Ulardan biri egnimga ichki ishlar organlari libosini kiyib, ona Vatanimiz osoyishtaligini taʼminlashga munosib hissa qoʻshish edi, – deydi u. – Ollohga shukur, bu orzuimga ham erishdim. Ayni paytda bolalar bilan ishlash, ularning muammolarini oʻrganish, tarbiyasi ogʻir bolalarni toʻgʻri yoʻlga solish asosiy vazifamga aylangan. Bu borada ota-onalar, maktablar jamoasi menga yaqindan yordam beryapti.
Leytenant Aziza Bayjigitovaning yelib-yugurishi, jonsarakligi besamar ketmayapti. Darslarni koʻp qoldirayotgan, xulqi yaxshi boʻlmagan, tarbiyasida kemtiklik boʻlgan bolalar yaxshi tomonga oʻzgarib, huquqbuzarliklarga oʻrin qolmayapti.
Vatanimizning ertangi kuni egalari boʻlmish yosh avlod oʻrtasida jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va unga qarshi kurashishda fidoyilik bilan xizmat qilayotgan sohamiz malikasiga kelgusi faoliyatida ham ulkan zafarlar tilaymiz.
Oʻz muxbirimiz.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi.
