Harbiy xizmatni Fargʻonadagi xalqaro aeroportda aʼlo darajada oʻtagan lavhamiz qahramoni 2019-yili Rossiya Federatsiyasi IIV huzuridagi Belgorod yuridik institutiga oʻqishga qabul qilindi. Huquqshunoslikning nazariy sirlarini puxta oʻzlashtirgan Firdaus Panjiyev yurtga qaytganidan soʻng Sirdaryo tumani IIB huzuridagi Tergov boʻlimi surishtiruvchisi lavozimida xizmatni boshladi. 

Albatta, boshida qiyin boʻldi. Rossiyaning oʻrmonga chulgʻangan shahrida oʻrgatilgan kazuslar, jinoyatni ochishga oid seminarlarda u doim faol boʻlardi. Lekin nazariya boshqa, amaliyot boshqa ekan. Shuning uchun yosh leytenant talabalik yillari amaliyotga kelganida tanishgan Yangiyer shahar IIB huzuridagi Tergov boʻlimi katta tergovchisi, podpolkovnik Habib Bozorovdan maslahat soʻrab turadigan boʻldi. Ustozlar koʻmagida surishtiruv-tergov sirlarini tez oʻzlashtira boshladi. 

Oʻtgan yil iyun oyida Sirdaryo tumani IIB huzuridagi Tergov boʻlimiga tergovchi etib tayinlangan katta leytenant Firdaus Panjiyevning masʼuliyati endi yanada oshgan. 

Yaqinda yosh tergovchi tomonidan firibgarlikka oid jinoyat ishi muvaffaqiyatli fosh etildi. Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi J.N. Sayxunobod tumanidagi xizmatdosh doʻsti S.E. bilan oʻzaro til biriktirib fuqaro K.A.ning ishonchiga kiradi. Ular 2 kishiga haydovchilik guvohnomasi olib berishni vaʼda qilib, jami 800 AQSH dollari miqdorida pul olishadi. Oradan olti oylar oʻtgach ham vaʼda bajarilmagach, fuqaro K.A. Sirdaryo tumani IIBga murojaat qiladi. Ariza asosida jinoiy ish qoʻzgʻatilib, yuqoridagi ikki shaxs topib keltiriladi. Tergov-surishtiruv jarayonida ular oʻz ayblarini tan olishiga toʻgʻri keldi. Bunda anchagina shakllanib, tajribasi ortgan Firdausning qatʼiyati katta rol oʻynadi. 

Abdurahmon MUSTAFOQULOV,

oʻz muxbirimiz. 

Sirdaryo viloyati.