Qadim zamonda bir olim quyosh soatini ixtiro qilibdi. Shaharning oʻrtasidagi maydonga uzun qoziq qoqib, odamlarga undan foydalanishni oʻrgatibdi. Odamlar soatdan foydalanishni oʻrganganlaridan keyin hayotlari tartibga tushib, ishlari va topish-tutishlarida baraka paydo boʻlibdi.
Oradan yillar oʻtib, olim dunyodan oʻtibdi. Shahar aholisi quyosh soatini olimdan qolgan yodgorlik sifatida saqlab qolish maqsadida atrofini oʻrab, ustiga chiroyli gumbaz qurishibdi. Lekin ishni tugatib qarashsa, soat endi vaqtni koʻrsatmay qoʻyibdi. Qilgan ishlaridan afsuslanishibdi, ammo inshootni buzishni istashmabdi.
Oradan kunlar oʻtibdi, odamlar endi bu yerga kam keladigan boʻlishibdi. Chunki buning foydasi yoʻq edi. Ular asta-sekin soatni unuta boshlashibdi. Kunlaridan va ishlaridan baraka ketibdi, sababi ular vaqtning qadrini esdan chiqarishibdi.
Ey farzand, bilginki, har bir narsaning qadr-qimmati uning keltirgan foydasi bilan belgilanadi.
«Tarbiya kitobi»dan
