«Vatan mening taqdirimda» mavzusida Ichki ishlar vaziri maslahatchisi, general-polkovnik Zokirjon Almatov ishtirokida Oʻzbekiston Milliy metrologiya instituti yoshlari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston Respublikasi Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tashabbusi bilan tashkil etilgan uchrashuvda Oʻzbekiston xalq artisti Yodgor Saʼdiyev, IIV Faxriylar kengashi aʼzosi, isteʼfodagi polkovnik Abdugʻofur Sattarov ishtirok etdi.
Milliy metrologiya instituti direktori Lazizbek Saidoripov mehmonlarni institut yoshlari tomonidan tayyorlangan innovasion ishlanmalar va mobil laboratoriyalar bilan tanishtirdi. Oʻz navbatida xalq sevgan sanʼatkor Yodgor Saʼdiyev Oʻzbekistonda kechayotgan konstitusiyaviy islohotlarning ahamiyati, aholining, ayniqsa yoshlarning huquqiy va siyosiy madaniyatini mustahkamlashga qaratilgan oʻzgarishlar haqida gapirdi.
Tadbir davomida Zokirjon Almatov «Ortda qolgan tahlikali kunlar» nomli kitobi haqida toʻxtalib, uning yozilish tarixi, kitobda aks etgan muhim voqealar, tahlikali kunlar yuzasidan maʼlumot berib oʻtdi. Oʻsha kezlarda boʻlib oʻtgan evrilishlar toʻgʻrisida soʻzlab berib, hayotiy xulosalarini aytib oʻtdi. Yoshlarni vatanparvar boʻlishga, bilim olishga, ajdodlarga munosib avlod boʻlishga chaqirdi.
– Oʻzbekiston endigina mustaqil boʻlgan paytdagi tahlikali yillarda Ichki ishlar vaziri boʻlgan Zokirjon Almatovning mamlakatda osoyishtalikni saqlab qolish, jinoyatchilikka qarshi kurashi borasidagi faoliyati koʻpchilikni qiziqtirishi tabiiy, – deydi Investisiyalar, sanoat va savdo vazirining maslahatchisi Naibaxon Mamadalieva. – Bugun shaxsan Zokirjon Almatov bilan uchrashib, oʻsha kezlarda boʻlib oʻtgan turli murakkab vaziyatlar, mamlakatda avj olgan uyushgan jinoyatchilikning yoʻqotilishi, xalq osoyishtaligini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar haqida u kishining oʻzidan koʻp maʼlumotlarni oldik. Istiqlolga osonlikcha erishilmagani, saqlab qolinmaganiga yana bir karra guvoh boʻldik.
Oʻz muxbirimiz.
