Yaqinda Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, general-mayor Bahodir Mirzarahimov IIV Qorovul qoʻshinlariga qarashli harbiy qism va boʻlinmalarida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida Qarshi shahridagi 7533-harbiy qismda boʻldi.

Shu munosabat bilan oʻtkazilgan tadbirda soʻz olgan vazir oʻrinbosari bugungi kunda dunyoda roʻy berayotgan xavf-xatarlar haqida toʻxtalib, bunday muammolarni bartaraf etishda, har bir vatan himoyachisi eng avvalo, jangovar vazifalarni bekamu koʻst darajada bajarishi, shu bilan birga, tinchlik degan bebaho neʼmatni chuqur anglagan holda doimo hushyor va sergak boʻlib xizmat qilishi lozimligini taʼkidladi.

Bundan tashqari, general-mayor B. Mirzarahimov tomonidan osoyishtaligimiz posbonlarining kasbiy tayyorgarligini yanada oshirish hamda ular uchun qulay shart-sharoit va imkoniyatlarni yaratish maqsadida tegishli mutasaddilarga vazifalar ham belgilandi.

Shuningdek tadbirda mazkur qism IIV harbiy tuzilmalari orasida eng namunali deb topilgani uchun vazir oʻrinbosari tomonidan tashakkurnoma topshirilib, kelgusida bundanda yuqori natijalarni qoʻlga kiritishida ulkan muvaffaqiyatlar tilandi.

Azamat XOLMATOV,

harbiy qism komandirining madaniyat va maʼrifat

ishlari boʻyicha maslahatchisi.