Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, general-mayor Bekmurod Abdullaev “Xavfsiz hudud – dolzarb 50 kun” profilaktik tadbiri doirasida Qashqadaryo viloyatida kriminogen vaziyatni jilovlash, jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oʻrgandi.
Vazir oʻrinbosari dastlab Qarshi davlat universiteti talabalar monitoring markazida boʻldi. Bu yerda u oliygoh hududida jamoat tartibini saqlash, qonunbuzarliklarning oldini olish uchun amalga oshirilgan ishlar, videkuzatuv kameralari ish jarayoni bilan tanishdi. Universitet mutasaddilariga osoyishtalikni taʼminlashda raqamli texnologiyalar imkoniyatidan yanada samarali foydalanish boʻyicha tegishli tavsiya va takliflar berdi.
Viloyat IIB Tezkor boshqaruv markazida boʻlgan vazir oʻrinbosariga shaharda oʻrnatilgan kuzatuv kameralarining qoidabuzarlik va jinoyatlarni aniqlash, oldini olish borasidagi imkoniyatlari boʻyicha axborot berildi. Jarayonda markazga integratsiya qilingan kameralar orqali aniqlanayotgan qonunbuzarlik holatlari tahlil qilinib, “Xavfsiz shahar” konsepsiyasi doirasida “aqlli” svetofor va yashil yoʻlak oʻrnatish boʻyicha taqdimot namoyish etildi. Ichki ishlar organlari rahbarlari va sohaviy xizmatlar boshliqlariga kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan tadbirlar boʻyicha tegishli tavsiya va topshiriqlar berildi.
Oʻrganishlar davomida Qamashi tumani va Shahrisabz shahar kriminogen vaziyat tahlili va vaqtincha saqlash hibsxonalari bilan tanishgan general-mayor Bekmurod Abdullaev har ikkala boʻlim rahbarlariga huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olishda eʼtibor qaratish lozim boʻlgan yoʻnalishlar boʻyicha yoʻriqnoma va tavsiyalar berdi.
“Yashil makon” loyihasi doirasida Qamashi tumani IIB hovlisiga koʻchatlar ekildi.
Oʻz muxbirimiz.
