Ichki ishlar vazirining tegishli buyrugʻiga asosan, IIV Samarqand akademik litseyning 4 nafar oʻquvchilari “Ichki ishlar vaziri stipendiyasi” bilan 4 nafari esa, “Oʻqishdagi muvaffaqiyatlari uchun" koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi. Samarqand viloyati IIBda mukofotlarni oʻz egalariga tantanali ravishda topshirish tadbiri oʻtkazildi. Bu haqida Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati xabar qildi.
Tadbirda soʻzga chiqqan viloyat IIB boshligʻi akademik litsey oʻquvchilarini ushbu yutuqlar bilan tabriklab, bugungi kunda davlatimiz tomonidan yoshlarga qaratilayotgan eʼtibor va ularga yaratib berilayotgan sharoitlar xususida toʻxtaldi. Prezidentimizning oʻtgan yili Oʻzbekiston yoshlari forumida “Ilm va bilim – oʻtda yonmaydigan, suvda choʻkmaydigan, hech kim sizdan tortib ololmaydigan boylik ekanini aslo unutmang!”, deya aytgan soʻzlarini yoshlarga yana bir-bor eslatib, koʻproq ilm olish, oʻz ustilarida ishlash yaratilayotgan imkoniyatlarga munosib boʻlishlari lozimligini taʼkidladi.
Tadbirda mukofotlangan yoshlar ham soʻzga chiqib, ularga bildirilgan ishonch, berilgan imkoniyatlarga munosib boʻlib, kelgusida yurt ravnaqi, vatan taraqqiyotiga oʻzlarining hissalarini qoʻshishlarini aytib oʻtishdi.
Gulnoza TURGʻUNBOYEVA,
«Postda» muxbiri.
Samarqand viloyati.
