Shahar soqchilari dushman paydo boʻlgani haqida nogʻora qoqdi. Temur Tosh rahbarligidagi arab sarkardalari devorga chiqishdi.
Amir Temur qoʻshini sekin-asta dasht boʻylab kelmoqda. Otliqlar hovliqmay asta otlarini yoʻrtib kelishar, piyodalar esa ortlaridan ergashgan. Ular unchalik koʻp emas. Nahotki dovruqli Temurbek qoʻshini shu boʻlsa. Balki koʻrayotganlari ilgʻor qismdir?
Sarkardalar hayron Temir Tosh esa tajribali sarkarda sifatida dushman nimanidir rejalashtirganini qalban his etdi.
Kech boʻlganda ham boshqa qoʻshin kelmadi. Ertalab esa shahar mudofaachilari yana hayron boʻlishdi. Dushman butun kechasi xandaqlar qazib qoʻr tashlagan joyni oʻrabdi. Mudofaa devorlari vazifasini oʻtovchi qalqonlar bilan toʻsibdi. Qiziq, kim mudofaachi-yu, kim hujum-chi?
Oradan bir hafta oʻtdi. Lekin boʻlak lashkar koʻrinmadi.
Shahardagi hujum xavfi tarqadi. Sovchilar ham, aholi ham choʻchimay uxlaydigan boʻldi. Odamlar oʻzlaridagi qimmatbaho narsalarni qalʼa xazinasidan qaytarib ola boshladilar. Dushman shaharga kira olmaydi. Temur Tosh hayron boʻldi. Dushman hujumni sira oʻylamayapti. Xandaq qazish bilan ovora. Soni ham koʻp emas.
Qiziqqon Shodan hujum qilishga shay. Keksa sarkarda Ibn Farrux esa kutish tarafdori. Tajribali lashkarboshi bu ishda qandaydir sir borligini oʻylayapti.
Shodan ming otliq bilan darvozadan chiqib jang qilishga ruxsat oldi. Xalab suvoriylari dushman otliqlari bilan toʻqnashdi. Ammo negadir ular astoydil jang qilmay orqaga qochishdi. Ikkinchi kun Shodan besh ming otliq bilan yana jangga chiqdi. Juda koʻp dushmanni oʻldirdi.
Endi Temir Tosh ham Shodan fikriga qoʻshilib, dushmanga zarba berishga qaror qildi. Oʻttiz ming otliq va minglab piyodalar dushman tomon peshvoz chiqishdi.
Jang nihoyatda qonli va shiddatli boʻldi. Xalab jangchilari mardona jang qilib gʻalabaga erishdi. Dushman chekina boshladi.
Temir Tosh va Shodan otliqlari ularni quvishni boshladi. Ammo birdan paydo boʻlgan fillar va qayoqdandir kelgan otliqlar ularni chor atrofdan oʻray boshladi. Toʻfanglar gumburlab ajal selini yogʻdira boshladi. Temir Tosh dushman hiylasini darrov tushunib, orqaga qaytishga buyruq berdi. Ammo buyruq kechikkan edi. Xalab qoʻshini orqaga qaytadigan yoʻlda dushman otliqlari paydo boʻldi. Temir Tosh bilan Shodan zoʻrgʻa shahar darvozasiga yorib oʻtdi. Ular bilan bir necha yuz kishigina qolgan edi.
Chekinayotgan qoʻshin bilan orqama-orqa kelayotgan dushman shaharga kira boshladi.
Temir Tosh bilan Shodan ark qalʼasiga kirib olishdi. Mudofaa bir hafta davom etdi. Koʻp janglardan soʻng Temir Tosh qarshilik befoyda ekanini tushunib, taslim boʻldi.
Amir Temur ularni hurmat bilan yonidagi dasturxonga taklif qildi.
– Sizlar bugun asir emas, aziz mehmonim boʻlinglar.
Taomlarning keti uzilmas edi. Ochiqqan va toliqqan Xalab sarkardalari toʻyguncha ichib, oʻzlariga kelgach Sohibqiron ulardan marhamatli nigohini uzmay oʻz qarorini aytdi.
– Sizlarni Damashqqa joʻnatamen. Hokimga aytinglar, menga taslim boʻlsin.
Hamdam SODIQOVning
«Amir Temur hayotidagi gʻaroyibotlar» kitobidan olindi.
