Yaqinda IIV Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti boʻlinmalari Metropolitenda xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasi 4-batalyon birinchi otryad 2-guruh safdor xodimi, safdor Davlatbek Norov oʻzining abjirlik va ziyraklik xislatlarini namoyon etib, bir bolakayning hayotini saqlab qoldi.  

Shu kuni taxminan soat 14:30larda «Boʻzsuv metro koʻprigi» 2-postida xizmat olib borayotgan safdor 7–8 yoshlardagi bolaning Boʻzsuv kanalida oqib ketayotgani va qirgʻoqda uning onasi dod solgancha yordam soʻrayotganini koʻrib qolib, qutqarish maqsadida oʻzini suvga tashlagan. 

U tez orada bolani suvdan olib chiqib, birinchi yordam koʻrsatgan. Zudlik bilan yetib kelgan shifokorlar bolakayni 5-sonli bolalar shifoxonasiga olib ketishgan. 

– Oʻgʻlim Muhammadsodiq bilan kanal atrofida aylanib yurgan edik, – deydi bolaning onasi Muxlisa Abduqahhorova. – Bolam oʻyinqaroqlik qilib, kanal boʻyiga tushganini sezmay qolibman. Bir payt qarasam, u suvga tushib, oqib keta boshladi. Jon holatda baqirib, yordamga chaqira boshladim. Shu payt holatni koʻrgan ichki ishlar organi xodimi oʻzini suvga tashladi va farzandimni hech qayeriga shikast yetkazmasdan olib chiqdi. Men Davlatbekdek xodimlar borligidan, unga tarbiya bergan ota-onasidan juda minnatdorman. Rahmat sizlarga, yurtimiz osoyishtaligi posbonlari!

Shu oʻrinda aytib oʻtish kerakki, Boʻzsuv Toshkent viloyati va Toshkent shahri hududidan oqib oʻtuvchi eng yirik kanal hisoblanadi. Poytaxtning koʻplab boshqa kanallariga suv bergan tarixiy ariqdir. U Chirchiq daryosining oʻzani boʻlib, qadimgi davrlardayoq kanalga aylantirilgan. Kanal tez oquvchi va suvining harorati ham sovuqroq. Shuning uchun ham bu kanal atrofida yosh bolalar bilan sayrga chiqqanda, oʻta hushyor boʻlish lozim. Yoz faslida bu yerga choʻmilishga kelganlar ham xavfsiz, maxsus ajratilgan joyni tanlab, bir necha kishilar hamrohligida choʻmilishi kerak. Shundagina ayanchli voqealar yuz bermaydi, deb oʻylaymiz.


Sarvar SOBIROV,

oʻz muxbirimiz.

Toshkent shahri.