Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 30 yilligi va Vatan himoyachilari kuni Fargʻonada ham katta tantana qilindi.  

Bayram kuni Fargʻona shahrida joylashgan "Vatanparvarlar bogʻi"ga viloyat hokimligi, harbiy-maʼmuriy sektor hamda huquq-tartibot organlari rahbarlari, harbiylar va keng jamoachilik vakillari jam boʻldi.

Dastlab “Motamsaro ona” haykali poyiga tantanali gul qoʻyish marosimi boʻlib oʻtdi. Gul qoʻyish marosimidan soʻng, harbiy qismlar vakillari va texnikalarining harbiy marshi hamda davlatimiz bayrogʻi bilan bezalgan avtomobilʼ va motosikllardan iborat koʻrgazmali yurishi oʻtkazildi.

Shu kuni Fargʻona shahridagi “Fayz” tantanalar majmuasida Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan katta bayram tadbiri ham oʻtkazildi.

Tantanali tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etib, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan yoʻllagan bayram tabrigini oʻqib eshittirdi.

Tadbir davomida yurt tinchligi yoʻlida sidqidildan xizmat qilayotgan bir guruh harbiylarga “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 30 yil” esdalik nishoni, viloyat hokimining faxriy yorliqlari hamda esdalik sovgʻalari tantanali ravishda topshirildi.

Tadbir elimiz ardogʻidagi sanʼatkorlar ijrosidagi kuy-qoʻshiqlar bilan yanada fayzli tus oldi.

Abduvosit SIDIQOV,

“Postda” muxbiri.

Fargʻona viloyati.