Isroil aka qariyb 30 yil ichki ishlar organlarida xizmat qildi. Dastlabki faoliyatini voyaga yetmaganlar bilan ishlash inspektorligidan boshladi. Keyinchalik profilkatika inspektori, Huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlimi boshligʻi lavozimlarida faoliyat yuritdi. Karmana tumani IIB boshligʻining oʻrinbosari lavozimidan hurmat-ehtirom bilan pensiyaga kuzatildi. 

Turmush oʻrtogʻi unga kasb mashaqqatlarini yengib oʻtishda yelkadosh boʻldi. Hech yodidan chiqmaydi. 1996-yilda oʻrtancha qizini turmushga uzatishdi. Buni qarangki, u qizining nikoh toʻyida ham qatnasholmadi. Toʻy kechasidan bir kun oldin tuman markazida qotillik jinoyati sodir etilgan edi. Shu sababdan xodimlar kuchaytirilgan tartibdagi xizmatga jalb qilingandi.Jinoyatning izlari sovumasdan barcha gumon qilinuvchilarni izlab topish, qotillik sabablarini oʻrganish kerak edi. Xullas, toʻy kechasi jinoyatchi qoʻlga olindi. Isroil aka toʻyxonaga kirib borganida, toʻy tarqab boʻlgandi. 

Isteʼfodagi podpolkovnik Isroil Yodgorov bugun ham xalq xizmatida. Ayni paytda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasi Karmana tumani boʻlimiga rahbarlik qilmoqda.

Xalq dard-u tashvishi ila yashash, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga koʻmak koʻrsatish va aholining muammolariga yechim topishga kamar-basta boʻlayotgan Isroil Yodgorovning umr kitobidagi har bir sahifa ibrat olishga arzigulik.

–Yaqinda bizning yurtimizda musofirlikda yurgan xorijlik fuqaro bilan xizmat yuzasidan tanishib qoldim. U ovozidan anchayin bezovta edi. Buning sababini soʻraganimda, yurti notinchligini, shuning uchun vatanida qolgan xotini va uch nafar qizining taqdiridan xavotirda ekanligini aytdi. Suhbat chogʻida biz tinch-osoyishta yurtda yashayotganimiz katta baxt ekanligini bot-bot takrorladi, – dedi Isroil aka.

Qahramonimiz 5 nafar farzandning otasi, bir etak nevarayu evaralarning sevimli buvasi. Qizlari taʼlim va tibbiyot sohalarini tanlagan boʻlsa, ikki nafar oʻgʻli ota kasbini tanladi – huquqni muhofaza qilish organlarida xizmat qilishadi. Nabirasi Abbosjon IIV Akademiyasini tugatib, shu yil Navbahor tumani IIBda xizmat faoliyatini boshladi. 


Mahliyo XOLOVA,

oʻz muxbirimiz.

Navoiy viloyati.