Jizzax shahrida poraxoʻrlik jinoyatini tergov qilishda aniqlanishi va isbotlanishi lozim boʻlgan holatlar yuzasidan seminar tashkil etildi. Unda ichki ishlar organlari, prokuratura va davlat xavfsizlik xizmati masʼullari va tergovchilari qatnashdilar.
Tadbirda viloyat prokuraturasining uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish hamda tergov faoliyati ustidan nazorat boʻlimlari masʼullari tomonidan jinoyatning kriminalistik tavsifi, qonunbuzarlikka oid daliliy ashyolar yigʻish, jinoyatni isbotlash masalalariga eʼtibor qaratildi. Xuddi shunday, pora beruvchining foydasiga noqonuniy harakat va harakatsizlik, jinoyatni til biriktirib sodir etish, noaniq shaxslar doirasida har xil shakllarda pora olish, uyushgan jinoiy guruhdan doimiy ravishda pora olish bilan bogʻliq jinoiy ishlarni koʻrib chiqish boʻyicha tavsiyalar bildirildi.
Seminarda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan poraxoʻrlikka oid jinoyatlar yuzasidan olib borilgan tezkor qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov jarayonida kuzatilgan kamchiliklar atroflicha tahlil etilib, kelgusida xatolarga yoʻl qoʻymaslik choralari belgilab olindi.
Alijon ABDUSATTOROV,
“Rostda” muxbiri.
Jizzax viloyati.