Fargʻona viloyatida jamoat xavfsizligi hamda tezkor-kriminogen vaziyat barqarorligini taʼminlash, sodir etilishi mumkin boʻlgan jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish maqsadida viloyat IIB boshligʻi, general-mayor Azizbek Ikramov boshchiligida joriy yilning 1-avgust kunidan boshlab “Xavfsiz mahalla – xavfsiz xonadon” maxsus-profilaktik tadbirlari oʻtkazilmoqda.

– Profilaktik tadbirlar davomida ichki ishlar organlari xodimlari hamkor tashkilotlar vakillari bilan birgalikda bevosita mahallalar kesimida “xonadonbay” ish olib bormoqda, – deydi viloyati IIB Axborot xizmati rahbari, kapitan Ismoiljon Sharipov. – Ayniqsa, jinoyatchilik salmogʻi yuqori boʻlgan “qizil” toifadagi mahallalarga eʼtibor qaratilib, jinoyat sodir etishga moyil har qanday shaxs bilan manzilli chora-tadbirlar, profiliktik tushuntirish ishlari olib borilyapti.

Mazkur tadbirlar Fargʻona shahridagi mahallalarda ham uyushqoqlikda tashkil etilyapti. Jumladan, shaharning Abdulla Qodiriy mavzesida patrulʼ-post xizmati xodimlari profilaktika inspektorlari bilan hamkorlikda huquqiy targʻibot tadbirlarini olib bordilar.

Tadbir jarayonida shu hududda yashovchi keksa bir ayol spirtli ichimlikka ruju qoʻygan oʻgʻlini davolatishda amaliy yordam soʻradi. Ayolning murojaatiga asosan uning oʻgʻliga maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, narkologiya dispanseriga joylashtirildi.

Probasiya hisobida turgan shaxslar ham eʼtiboridan chetda qolayotgani yoʻq. Shu toifadagi shaxslar bilan profilaktik suhbatlar oʻtkazilib, jazo oʻtash tartib-qoidalari tushuntirilmoqda. “Shodiyona” mahallasida esa probasiya nazoratida turgan shaxslar ichki ishlar organlari xodimlarining aralashuvchi bilan ishga joylashtirildi.

“Xavfsiz xonadon” tamoyili asosida oʻzi yolgʻiz yashovchi nuroniylarning yashash sharoiti oʻrganilib, zarur amaliy yordam koʻrsatildi. Xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektorlar tashabbusi bilan murosasizlik yuzaga kelgan yosh oilalardan biri yarashtirildi.

Shuningdek, shahardagi 10 ga yaqin avtokorxona va shohbekatlarda haydovchilar bilan avtomashinalarni qarovsiz qoldirmaslik, transport vositalarini olib qochish bilan bogʻliq jinoyatlarning oldini olish boʻyicha ogohlantiruv suhbatlari ham tashkil etildi.

Abduvosit SIDIQOV,

Oʻz muxbirimiz.

Fargʻona viloyati.