Ular Pastdargʻom tumanida bilimga chanqoqlik ruhi va adolatga intilish hukmron boʻlgan oʻqituvchilar oilasida voyaga yetishdi. Kattasi Muhsiddin mulohaza bilan ish yuritishga, har on intizomga rioya qilishga odatlangan. 2009-yilda Samarqand turizm kollejini tamomlab, IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamentining 3-mintaqaviy hududining 7-sonli tergov hibsxonasida oʻz xizmat faoliyatini boshlagan va bugungi kungacha shu yerda xizmat qilib kelmoqda.
– Hibsxonaga kirish joyida har qanday kichik jihatlarga eʼtiborli boʻlish va favqulodda vaziyatda zudlik bilan harakat qilishga tayyor turish oʻta muhim, – deydi u.
Hibsxonada xizmat qilish nafaqat jismoniy tayyorgarlikni, balki kuchli ruhiyat, odamlar bilan til topishish qobiliyati va ekstremal sharoitlarda xotirjamlikni saqlashni ham talab qiladi. Jamiyat xavfsizligi bevosita uning faoliyatiga bogʻliq.
Ukasi Muhriddin 2018-yilda patrul-post xizmatiga ishga kirib, tez orada shaharliklarning hurmatini qozondi. Koʻpchilik uchun u nafaqat qonun vakili, balki haqiqiy doʻst va yordamchiga aylandi.
Muhriddin Abdurahmonovning bilimga va oʻzini takomillashtirishga boʻlgan intilishi uni Samarqand davlat universiteti sari boshladi. 2024-yilda ushbu oliygohni muvaffaqiyatli tamomlagan yosh ofitser bir yildan soʻng Pastdargʻom tumanidagi «Turon» mahallasiga profilaktika inspektori etib tayinlandi. Bu yerda u nafaqat huquq vakili, balki insonlarni murosaga keltirish, qizgʻin va tang holatni yengillatishga qodir psixolog hamdir.
Bugun leytenant M. Abdurahmonov profilaktik hisobda turadigan fuqarolarning tinch va osuda hayotga qaytishiga yordam bermoqda.
U mahalliy fermer va tadbirkorlar bilan suhbatlashib, hayot yoʻlida qoqilganlarga imkoniyat berishga undamoqda. Har safar kimgadir oʻzini jamiyatga kerakli inson deb his qilishiga yordam berishga muvaffaq boʻlganda, oʻz ishining asl mohiyatini yana bir bor anglab yetadi.
Ikki aka-uka, ikki xizmat yoʻnalishi, ikki xil yoʻl – lekin maqsad bitta. Umrini xizmatga bagʻishlagan bu yigitlarni Vatanga muhabbat, oʻz ishiga sadoqat birlashtirib turadi.
Zamira BOLTAYEVA,
oʻz muxbirimiz.
Samarqand viloyati.
