Yurtimizda tinchlik-osoyishtalik hukm surayotgan qalbimizda shukronalik uygʻonadi. Ana shunday daqiqalarda odamlarning farovon, xotirjam hayot kechirishiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan mard, jasur, fidoyi ichki ishlar organlari xodimlari haqida iliq fikrlar bildirish istagi tugʻiladi.
Xoʻsh, aslida tizimga qanday fazilatlarga ega boʻlganlar qabul qilinadi? Yosh xodimlarning yuksak maʼnaviyatli, ruhan, jismonan kuchli etib tarbiyalash borasida qaysi jihatlarga koʻproq eʼtibor qaratilmoqda? Biz Uchqoʻrgʻon tumani IIB boshligʻining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, kapitan Abduvali Qahhorovning bir kunlik xizmat faoliyatini oʻrganish asnosida shu kabi savollarimizga javob topdik.
Sohadagi har bir xodim temir intizomga rioya qilishi shart. Har kuni ertalabki yoʻriqnoma shaxsiy tarkibning xizmatga shayligini tekshirish bilan boshlanadi. Va shaxsiy tarkibning kunlik qilinadigan ishlari belgilab olinib, ichki tartib-qoidalar, xizmat intizomiga qatʼiy rioya qilish, ayniqsa, fuqarolar bilan munosabatda hurmatni saqlash haqida xodimlar ogohlantiriladi.
A.Qahhorov tuman IIB YHXG xodimlari bilan avtoreyd tadbiri oʻtkazarkan, HPB profilaktika inspektorlari — kapitan Qobil Davronov, katta leytenant Ibrohim Inomov, JQB tezkor vakili, kapitan Muzaffar Temirov, kanselyariya boshligʻi, safdor Sardor Eraliyevlarning shaxsiy avtomashinalari tegishli hujjatlari mavjudligini tekshirdi. Xodimlarning hujjatlaridan biror kamchilik aniqlanmagan boʻlsa-da, ularga hamisha qonun-qoidalarga rioya etishi lozimligi uqtirildi.
Tuman IIB boshligʻi, podpolkovnik Otabek Jabborov ishtirokida boʻlib oʻtgan saf koʻrigi tadbirida shaxsiy tarkibga saf nizomi talablari boʻyicha mashqlarning bajarilishi, xizmat guvohnomalarining amal qilish muddatlari va saqlanishiga eʼtibor qaratildi. Shaxsiy tarkib mamlakatda boʻlayotgan siyosiy jarayonlardan xabardor etildi.
Kapitan A. Qahhorov xizmat faoliyati davomida intizomiy jazo chorasini olgan xodimlar bilan suhbat oʻtkazishni ham kanda qilmaydi. Jazolash tarbiya vositasi ekanligi har bir xodim his qilishi lozim. Jazo chorasi xizmatdan koʻngil sovushiga olib kelmasligi kerak. Lavhamiz qahramoni shu nuqtai nazarni hisobga olgani holda, JQB tezkor vakili, kapitan Abdullo Parpiyev, HPB profilaktika inspektorlari, kapitan Elmurod Poʻlatov, leytenant Husniddin Dehqonov bilan yakka tartibda suhbat oʻtkazdi. Muloqot davomida ularni qiynayotgan muammolar, oilaviy hayoti, ijtimoiy ahvoli bilan qiziqib, xizmat intizomiga rioya qilish kerakligini eslatdi.
Shundan keyin kunlik rejasiga muvofiq, Murojatlar bilan ishlash guruhi katta inspektori, mayor Rauf Davronov faoliyatini tekshirdi. Soʻng katta leytenant Jasur Abduvalievning xonadonida boʻlib, ota-onasi bilan suhbatlashdi. Shu asnoda xodimning boʻsh vaqtlarida nimalar bilan shugʻullanishini surishtirdi. Shunda dehqonchilikka uquvi borligi tufayli leytenant J. Abduvaliyev oʻz tomorqasidan unumli foydalanib kelayotgani maʼlum boʻldi. Suhbat xodimning ota-onasiga minnatdorlik bildirish bilan yakunlandi.
Kechki payt tuman IIB xodimlari uchun sport mashgʻulotlari oʻtkazildi.
– Jismoniy mashqlar, sport xodimlarning xizmat samaradorligini oshiradi, – deydi Abduvali Qahhorov, — buni his qilgan xodimlarimizning aksariyati muntazam sport bilan shugʻullanishadi. Viloyat ichki ishlar organlari xodimlari oʻrtasida boʻlib oʻtgan koʻpkurash musobaqasida tuman IIB jamoasi faxrli 2-oʻrinni, armrestling musobaqasida esa vakillarimiz faxrli 1-oʻrinni egallashdi.
Eʼtirofga loyiq ishlar, yuqori natija, yutuq hamda muvaffaqiyatlar ortida, albatta, mehnat yotadi. Uchqoʻrgʻon tumani IIB boshligʻining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, kapitan Abduvali Qahhorov buni yaxshi biladi.
Gulchehra BUVAMIRZAYEVA,
oʻz muxbirimiz.
Namangan viloyati.
