Maʼlum boʻlishicha, oʻgʻrilikni 2001 va 2002-yillarda tugʻilgan ikki yigit sodir etgan. Ular onlayn qimor oʻyinlari tufayli qarzga botib, jinoyatga qoʻl urgan ekan.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV JXX JTSB Kinologiya boʻlinmasi tomonidan hududda jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilarni xizmat itlari ishtirokida fosh etish borasida diqqatga sazovor ishlar olib borilmoqda.
Hozirda boʻlinmamiz ixtiyorida 31 bosh xizmat iti mavjud boʻlib, ularning 20 tasi iz-qidiruv, qolganlari esa giyohvandlik vositalari hamda portlovchi moddalarni qidirib topish yoʻnalishlari boʻyicha xizmatga tayyorlangan.
Joriy yil boshidan buyon boʻlinma hamda uchta mintaqaviy muvofiqlashtirish markazi kinologlari xizmat itlari bilan birga 147 marotaba jinoyat joylariga chiqishdi. Natijada 49 ta jinoyat aynan toʻrt oyoqli yordamchilar koʻmagida «issiq izida» ochildi. Bu koʻrsatkichlar tahlil qilinganda, ularning 40 tasi oʻgʻrilik, 7 tasi giyohvandlik va 2 tasi boshqa turdagi jinoyatlar ekanini koʻrish mumkin.
Mana yana bir misol. Nukus shahrining 61-kichik dahasida avtomashinadan pul va hujjatlar oʻgʻirlangani boʻyicha olib borilgan tezkor tadbirda kichik inspektor-kinolog, safdor Z.Muyaddinov oʻzining «Leo» laqabli xizmat iti bilan ishtirok etdi. «Leo»ning toʻgʻri yoʻnalish koʻrsatishi natijasida oʻgʻri koʻp oʻtmay ushlandi. Dastlabki surishtiruv jarayonida muqaddam sudlangan ushbu shaxsning boshqa bir nechta oʻgʻrilik jinoyatlariga ham aloqadorligi fosh boʻldi.
Xodimlarimiz aeroport va temiryoʻl vokzallarida fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, giyohvandlik vositalari, portlovchi moddalar, qurol-yarogʻ va oʻq-dorilarning noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyish yoʻnalishida ham faol xizmat olib borishyapti. Bundan tashqari, ular joylarda huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadidagi piyoda patrullik hamda ommaviy-madaniy tadbirlarda jamoat tartibini saqlashga munosib hissa qoʻshib kelishmoqda.
Albatta, yuqori koʻrsatkichlarga erishishda xodimlar va xizmat itlarining professional tayyorgarligi oʻta muhim. Shu bois yaqinda 7 nafar xodimimiz oʻz itlari bilan Xorazm viloyatida oʻtkazilgan iz-qidiruv yoʻnalishidagi mintaqaviy sayyor oʻquv yigʻinida ishtirok etib, malaka oshirib qaytdi. Shuningdek, Nukus shahridagi xizmat itlari pitomnigida reja asosida tashkil etilayotgan oʻquv kurslarida ham joylardagi soha vakillari oʻz kasbiy mahoratlarini muntazam oshirib bormoqdalar.
Ruslan UTEULIYEV,
Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV JXX JTSB Kinologiya boʻlinmasi boshligʻi, podpolkovnik.