Bir necha kun ilgari internet tarmoqlarida “IIB xodimlari bilan janjal” sarlavhali videoxabar tarqalgan edi. Bu videotasvirlarni koʻrib “Nahot ichki ishlar xodimlari bir begunoh odamni ortidan quvib, uni kaltaklagan boʻlsa”, degan notoʻgʻri xayolga borgan ayrim tarmoq kuzatuvchilari soha xodimlarini qoralovchi, ularning obroʻsiga putur yetkazuvchi sharhlarni ham qoldirib ulgurdilar.
Ayrim qoʻshtirnoq ichidagi blogerlar ham kuzatuvchilarni oʻz kanallariga jalb qilish maqsadida ushbu videotasvirga bir yoqlama yondashib, fikr bildirishdi va oʻrinsiz shov-shuv tarqatishdi.
Aslida voqea qanday boʻlgan edi? Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati shu mavzuda maxsus lavha tayorlab, voqea tafsilotlarini toʻla-toʻkis, roʻyu rost yoritib berdi.
– Internetda shov-shuvga aylangan mazkur holat joriy yilning 17 avgust kuni Furqat tumanida sodir boʻlgan, – deydi Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati rahbari, katta leytenant Ismoiljon Sharipov. – Profilaktika inspektorlari maʼmuriy sudlovga borishdan bosh tortib, qochib yurgan O.ni jinoyat ishlari boʻyicha Uchkoʻprik tumani sudi tomonidan majburiy tartibda keltirish haqidagi ajrimi asosida olib kelish uchun borishganida, fuqaro xodimlarning qonuniy talabiga boʻysunmay, faol qarshilik koʻrsatgan.
Boz ustiga, uning otasi va ukasi ham voqea joyiga yetib kelib, baqir-chaqir qilib, tomosha uyushtirishgan. Xodimlarning xizmat faoliyatiga qarshilik qilib, haqoratlab, xizmat kiyimlarini yirtib, ularga tan jarohati yetkazishgan.
Aslida ular xodimlarning qonuniy talabiga boʻysunib, janjallashmay, sud organiga birga borishganida, sodir etgan maʼmuriy huquqbuzarligi uchun yengilgina jazo olishar, vaziyat bu qadar chigallashmas edi. Ammo unday boʻlmadi. Maʼmuriy huquqbuzarlikning ortidan jinoyat ham sodir etishdi.
Mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan O. va uning yaqin qarindoshlari, otasi va ukasiga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi, yaʼni hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxslarni qanday shaklda boʻlmasin oʻzining xizmat vazifasini bajarish yoki fuqaroviy burchini bajarishdan voz kechishga, shuningdek, qonunga xilof harakatlar sodir etishga majbur qilish bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, sud tomonidan ulardan 2 nafariga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanildi. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Abduvosit SIDIQOV,
“Postda” muxbiri.
Fargʻona viloyati.
