Izquvarlar jinoyatlarni fosh etishda biri ikkinchisiga zanjirdek bogʻlangan holatlarni sinchiklab oʻrganishadi. Yoki surishtiruv jarayonida mutlaqo kutilmagan voqeliklar ham sodir boʻlib turadi.

Uchqoʻrgʻon tumani IIB Tezkor-qidiruv xizmati Jinoyat qidiruv boʻlinmasi tezkor vakili, kapitan Adhamjon Mashrabboyev 2023-yilda fosh etilmagan oʻgʻrilik jinoyatini ochish maqsadida jinoyat ishlari boʻyicha Uchqoʻrgʻon tuman sudi tomonidan chiqarilgan ajrimga asosan, gumonlanuvchining izidan tushib, tumanda istiqomat qiluvchi yana boshqa bir fuqaro 1968-yilda tugʻilgan R.K. xonadonida tintuv oʻtkazadi. 

Tezkor xodimning kutilmagan tashrifi R.K.ni shoshirib qoʻydi. Tekshiruv jarayonida uning xonadonidagi temir seyfdan 11 nafar shaxsga tegishli fuqarolik pasportlari, 6 dona avtotransport vositalarini qayd etish guvohnomasi, yana shuncha haydovchilik guvohnomasi, 1 donadan «Iphone 14» va «Redmi» rusumli telefon apparatlari va 1 juft sirgʻa borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi. R.K. fuqarolarga foizga pul berib, ushbu buyum va hujjatlarni garov sifatida saqlab kelayotganligi maʼlum boʻldi. 

Mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv jarayonlari boshlandi. Shundan soʻng R.K. chora koʻrmaslik va ishni uning foydasiga ijobiy hal qilib berish evaziga jinoyat qidiruv xodimiga bir necha bor pora taklif qildi. Xodim unga bu ishi qonunga xilof ekanini tushuntirsa hamki, eshitishni xohlamadi. 

Oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro R.K. kapitan A. Mashrabboyevga 300 AQSH dollari miqdoridagi pullarni pora tariqasida berayotgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi. Xodimning vijdoni bunday nomaqbul taklifni qabul qilmadi. 

Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. 

Gulchehra BUVAMIRZAYEVA,

oʻz muxbirimiz.

Namangan viloyati.