Yaqin tarix sahifalaridan
Mamlakatimiz ichki ishlar organlarining tashkil topishi va shakllanishida xalqimizning koʻplab vatanparvar, mard va fidoyi oʻgʻlonlarining hissasi beqiyos boʻlgan. Shulardan biri oʻtgan asr boshlarida Xiva shahrida ish boshlagan militsiya boshqarmasi boshligʻi lavozimida faoliyat koʻrsatgan Nazir Sholikorovdir.
1920-yil 2-fevral kuni poytaxti Xiva shahri boʻlgan Xorazm Xalq Respublikasi tuzilgani eʼlon qilinishdi. Shundan soʻng respublikada huquq-tartibotga qatʼiy amal qilinishini taʼminlovchi maxsus tuzilmaga ehtiyoj tigʻildi. Tarkibi, vazifalari va ish uslubi Xiva xonligi davridagi mirshablik tuzumidan keskin farq qiluvchi ishchi-dehqon militsiyasi ana shunday tashkilotlardan biri boʻlishi kerak edi. Shu bois, oradan koʻp oʻtmay, aniqrogʻi, shu yilning 9-aprelida Xorazm Xalq Respublikasi hukumati bir necha nozirliklar qatori Ichki ishlar nozirligini ham taʼsis etdi. «Mamlakatda militsiya boshqarmasini tashkil etish va Xiva shahrini himoya qilish toʻgʻrisida»gi qarorga koʻra, militsiya boshqarmasi Ichki ishlar nozirligi tarkibida emas, balki Adliya nozirligi qoshida tuzilganligi qayd qilindi. Adliya noziri lavozimiga oʻz davrida huquqiy bilimi, tajribasi bilan xalqqa tanilgan davlat arbobi Bobooxun Salimov, militsiya boshqarmasi boshligʻi sifatida «Yosh xivaliklar» harakatining faollaridan biri Nazir Sholikorov tayinlandi.
Nazir Sholikorov 1881-yilda Xiva shahrida savdogar Qurbonniyoz Sholikorov xonadonida tugʻilgan. Dastlab u Xivadagi eski maktab va madrasada tahsil oladi. Keyinchalik Orenburg, Moskva, Sankt-Peterburg shaharlariga savdo ishlari bilan borib, rus tilini oʻrganadi.
U dunyo kezib, Yevropa madaniyati, ilm-fani yutuqlari bilan tanishgan, shuning uchun hamon oʻrta asr ruhidagi ishlab chiqarish va boshqaruv hukmronlik qilayotgan Xiva xonligida islohotlar oʻtkazish tarafdori boʻlgan. Shu maqsadda 1904-yili tashkil etilgan «Jamiyati xayriya» uyushmasiga birinchilardan boʻlib aʼzo boʻladi. Tashkilotning asosiy maqsadi oʻlkada jadid maktablarini ochish va maʼrifatparvarlik gʻoyalarini keng tarqatishdan iborat edi.
Bundan tashqari, 1914-yil avgustda «Yosh xivaliklar» partiyasini tuzishda Nazir Sholikorov Polvonniyoz hoji Yusupov, Boboniyoz Jumaniyozov, Husainbek Matmurodov, Xudoybergan Devonov va Bobooxun Salimovlar bilan bir safda boʻladi. Partiyaning faol aʼzosi sifatida Isfandiyorxon va Junaidxon, keyinchalik sovet maʼmurlari tomonidan taʼqib qilinishiga qaramasdan, tabiatan adolatparvar va oʻta jasur inson boʻlgani uchun ham olib borayotgan kurashdan aslo toʻxtamaydi.
N. Sholikorov 1920-yilda Xiva xonligining tugatilishi va Xorazm Xalq Respublikasini barpo etilishida faol qatnashgan.
Nazir Sholikorov 1920-yil 9-apreldan boshlab militsiya boshqarmasining boshligʻi sifatida faoliyat koʻrsatadi. Militsiya saflariga adolatparvar, fidoyi kishilarni ishga olishga harakat qiladi, oʻz bilim va tajribalarini oʻrgatib, ularga amaliy yordam beradi. Afsuski, uning militsiya boshqarmasi boshligʻi sifatidagi faoliyati uzoq davom etmaydi. Bir yillik faoliyatidan soʻng, 1931-yilga qadar yangi ochilgan kooperativda, Xiva shahar mudofaa boʻlimi boshligʻi lavozimida ishlab, pensiyaga chiqadi. Ammo taʼqibdan qutula olmaydi. 1933-yilda qamoqqa olinib, 5 oy davomida qamoqda boʻladi.
Mustabid tuzum qatagʻonlari xalqimizning koʻplab mard farzandlarining umriga zomin boʻldi. Ming taassufki, Nazir Sholikorov bu qatagʻondan chetda qolmadi. 1937-yil 25-avgust kuni uni qamoqqa olish uchun qayta qaror qilinadi. Unga Fayzulla Xoʻjayev, Davlat Rizayev kabi «xalq dushmanlari»ning «dumi», Angliya agenti, degan ayblovlar qoʻyiladi.
Tarixchi olim Bahrom Irzayev N.Sholikorovning soʻnggi kunlari haqida shunday yozadi: «Uning ishi 1938-yil 5-oktabr kuni soat 10:10 dan 10:25 gacha davom etdi. Sud bayonnomasida yozilishicha, u oʻziga qoʻyilgan barcha ayblarini tan olgan va soʻzining soʻngida oʻzining jonini asrab qolishlarini soʻragan emish... Vaholanki, Nazir Sholikorov 4-oktabr tunida otib tashlangan edi...»
Manbalarda keltirilishicha, 1937-yil 25-avgust kuni toʻldirilgan anketada N.Sholikorovning oila aʼzolari, yaʼni turmush oʻrtogʻi Bibijon Masharipova (42 yosh), qizlari Azizaxon (18 yosh), Hojarxon (9 yosh), Soraxon (6 yosh), oʻgʻli Fayzulla (4 yosh) va kenja qizi Maryamxon (4 oylik)lardan iborat deb koʻrsatilgan. Uning qarindoshlaridan biri Sobir Sholikorov esa: «Biz Nazir buvamning kenja qizi Maryam ammamiz bilan doimiy qarindoshlik aloqasida boʻlganmiz. U kishi Toʻrtkoʻlda yashardi, 2004-yil vafot etgan...», deya guvohlik beradi.
1958-yil 8-mart kuni N.Sholikorovning turmush oʻrtogʻi Bibijon Masharipova ichki ishlar organiga ariza bilan murojaat etadi. Shundan soʻng Nazir Sholikorovning ishi qayta koʻrilib, oʻsha yilning 4-dekabrida sobiq ittifoq Oliy sudi harbiy kollegiyasi tomonidan oqlanadi.
Xudoybergan JABBOROV,
oʻz muxbirimiz.
Xorazm viloyati.
