A. Alining (ismlar oʻzgartirildi) keyingi kunlarda ishi yurishmay, alamini ichkilikdan oladigan boʻldi. Bu yetmaganday xotinining javrashlari suyagidan oʻtib ketardi. Shu bois ham u koʻpincha sarmast yurardi. Ana shunday kunlarning birida Vohid ismli kishi bilan tanishib qoldi.
– Sen, ishlayman, desang, tanishlar bor. Xarajatidan qochmasang boʻldi, –deya Ali Vohidni qoyil qoldirdi. Chunki Vohid u aytgan “E.E.” xorijiy kompaniyada ishga kiraman, deb, ikki yildan beri ovorai sarson boʻlib yurgandi. Hattoki, koʻzlariga ishonmay qayta-qayta soʻradi.
– Uka, biz kichkina odam emasmiz. Bu yurishimni hisobga olma. Mana, eshitding. 600 AQSh dollar bersang, olam guliston ekan, – dedi Ali iljayib.
– Uydagilar bilan maslahatlashib koʻray, ertaga javobini aytaman, – dedi Vohid va ofisiantni chaqirdi.
...Vohidning yarim tunda uyqusi qochib, uzoq oʻylandi. Rost-da, ikki yildan ortiqroq yugur-yugur qilib, oxiri “qoʻlini yuvgan” korxonadan bir ziyofat evaziga ish topilsa, hamma ham shoshib qoladi. Keyin obdan oʻylab, yana firibgar boʻlib chiqmasin, degan shubha unga tinchlik bermadi. Shuning uchun u oʻylanib: “Agar u mendan oldin telefon qilsa, firibgardir”, degan qarorga keldi.
Haqiqatan ham, soat sakkiz yarimlarda Ali qoʻngʻiroq qilib, maslahat nima boʻlganini soʻradi. Vohid hali gaplashmaganini va kechgacha aniq javobini aytishini bildirdi. “Boʻlmasa, kechga yana ziyofatga tusharkansan-da?” dedi Ali...
Vohid noiloj jiyanining huquq-tartibot organida ishlaydigan tanishi bilan uchrashib, bu masalaga nafaqat oydinlik kiritdi, balki oʻzi “tadbir”da ishtirok etmoqchiligini maʼlum qildi.
Shunday qilib, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Kogon shahar boʻlimi hamda shahar IIB xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda firibgarlarning qilmishiga chek qoʻydi. Yaʼni A.Ali va “E.E.” xorijiy kompaniyasida ishlovchi S.G.lar kompaniyaga ishga qoʻyish evaziga 600 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanishdi.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi va tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mirzoqul AHADOV,
“Postda” muxbiri.
Buxoro viloyati.
