Ichki ishlar organlari tizimida ham ana shunday baxtiyor insonlar talaygina. Ular yurtimiz tinchligi va xalqimiz osoyishtaligini taʼminlashdek sharafli vazifani ado etib kelmoqdalar. Shundaylardan biri IIV Qorovul qoʻshinlariga qarashli, Namangan viloyati Pop tumanida joylashgan 7552-harbiy qismning nazoratchilar vzvodi, 2-nazoratchilar guruhi, 3-seksiya 3-toifali nazoratchisi, kichik serjant Navroʻz Abduvoitovdir.
U 1997-yil 21-mart kuni Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida dunyoga kelgan. Tabiat uygʻonib, zaminda yangilanish nafasi ufurib turgan shu kunda tugʻilgan bolaga bobosi Navroʻz deb ism qoʻyadi. Chunki bu farzand oilaga ham yangi umid va yangi hayot olib kelgandek edi.
Maktabni muvaffaqiyatli tamomlagan Navroʻz yigitlik burchini Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qoʻngʻirot tumani Jasliq qoʻrgʻonida joylashgan IIV Qorovul qoʻshinlariga qarashli 7553-harbiy qismda oʻtaydi. Bu yerda intizomliligi, masʼuliyatliligi va topshirilgan vazifalarni puxta bajarishi bilan komandirlari eʼtiborini qozonadi. 2018-yildan buyon esa 7552-harbiy qismda shartnoma asosida xizmat qilib kelmoqda.
– Xizmatga qabul qilingan vaqtimda menga katta serjant Hojiakbar Husanov murabbiy sifatida biriktirilgan edi, – deydi u. – Ustozimning saboqlari men uchun katta maktab boʻldi.
Bugungi kunda kichik serjant Navroʻz Abduvoitovning oʻzi ham ustoz maqomida.
U yosh harbiy xizmatchilarga jangovar xizmat sir-asrorlarini oʻrgatib, ularni tarbiyalashda boʻlinma komandirlariga yaqindan yordam bermoqda.
Harbiy xizmatda u talabchanligi, tashabbuskorligi va izlanuvchanligi bilan ajralib turadi. Jangovar xizmatni oʻtash jarayonida harbiy intizom, qonunlarga qatʼiy rioya qildi.
– Kichik serjant Navroʻz Abduvoitov boʻlinmamizdagi eng namunali harbiy xizmatchilardan biri. U yoshlarga kasb sirlarini oʻrgatib, ularni burchga sadoqat ruhida tarbiyalab kelmoqda, – deydi harbiy qism komandiri,
podpolkovnik Husan Bekchanov.
Navroʻz Abduvoitov nafaqat harbiy xizmatda namuna, balki oilaning haqiqiy tayanchi. U shirindan-shakar farzandlarining mehribon va gʻamxoʻr otasi. Turmush oʻrtogʻi Mohinur Vohidova uni oilaparvar va jonkuyar inson deb taʼriflaydi.
– Bir soʻz bilan aytganda, u oilamiz ustuni, – deydi turmush oʻrtogʻi. – Navroʻz bayrami oilamizda alohida shukuhga ega. Chunki oilamizda bu sana qoʻshaloq shodlikka toʻlgan alohida kun sifatida qadrlanadi.
Bahorning qutlugʻ kunida dunyoga kelgan kichik serjant Navroʻz Abduvoitov bugun yurtimiz tinchligi va xalqimiz osoyishtaligini taʼminlash yoʻlida fidoyilik bilan xizmat qilmoqda. Uning faoliyati goʻyo ismining maʼnosini tasdiqlayotgandek: yangi kun – yangi umid, yangi hayot.
Adolat FAYZIYEVA,
oʻz muxbirimiz.
