Qorakoʻl tumani Yangizamon mahallasi hududida “Payshanba – huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni” munosabati bilan profilaktika inspektorlari va keng jamoatchilik vakillaridan iborat 20 ta ishchi guruh tuzildi. Soʻngra ishchi guruhlar fuqarolar oʻrtasida huquqbuzarliklarning oldini olish hamda ularning profilaktikasi toʻgʻrisida targʻibot va tushuntirish ishlari olib borishdi.

Shuningdek, voyaga yetmaganlarning nazoratsizligi yoki qarovsizligi oqibatida uning hayoti yoki sogʻligʻi uchun xavf tugʻdiradigan yoxud ularning gʻayriijtimoiy xatti-harakatlar sodir etishining oldini olish, qolaversa, ota-onalar hamda keng jamoatchilik vakillarining oʻrni va rolini oshirish, oʻzaro hamkorlikni kuchaytirish borasida manzilli ishlar amalga oshirildi. Bundan tashqari, mahalla vakillari va faollari ishtirokida mahalla hududida yashovchi notinch oilalar holidan xabar olinib, jinoyat sodir etilishining oldini olish boʻyicha yakka tartibdagi profilaktik ishlar olib borilib, oilalarning muammolari ijobiy hal qilindi.

Maʼmuriy hududda yashovchi ov quroliga ega boʻlgan shaxslarning qurollari birma-bir koʻzdan kechirilib, qurol egalari bilan profilaktik tushuntirish ishlari olib borildi. Xonadonlarning xavfsizligini taʼminlash maqsadida mahallalarning asosiy kirish-chiqish joylari, jamoat joylari va xonadonlarning oʻzida kuzatuv kameralarini oʻrnatish, tadbirkorlik subyektlarining binolari va xonadonlarni qoʻriqlash pultiga ulash borasida tushunchalar berildi. Yana shu yoʻnalish boʻyicha har bir hududda jinoyatchilikka qarshi keskin kurashish va uning mexanizmlari aniq misollar bilan tushuntirildi. Shu bilan birga fuqarolarga oʻgʻirlik, firibgarlik hamda oilaviy nizolar natijasida kelib chiqadigan jinoyatlarning oldini olish, ushbu jinoyatlarning qurboniga aylanib qolmaslik choralari belgilangan maxsus bukletlar tarqatildi.

Buxoro viloyati IIB axborot xizmati.