Oʻsha kezlari hammaning eʼtibori tuman IIB Davlat avtomobil nazorati (DAN) boʻlinmasiga bor-yoʻgʻi bir necha kun ilgari boshliq etib tayinlangan Odiljon Dadajonovga qaratilgan edi. Boshqa hududdan rahbar boʻlib kelgan yosh xodim oʻzining dastlabki jiddiy sinovida qanday mahorat va professionallik koʻrsatarkin, degan savol koʻpchilikni oʻyga solardi.
Odiljon Dadajonov voqea joyiga yetib kelgach, hissiyotlarga berilmay, yoʻl chetini sinchkovlik bilan kuzata boshladi.
U yaxshi bilardi: jinoyatchi qanchalik ustalik bilan yashirinishga urinmasin, baribir iz qoldiradi. Bir payt uning nigohi yoʻl chetidagi oʻtlar orasida yaltirab turgan shisha boʻlagiga tushdi. Bu avtomashina farasining singan oynasi edi. Koʻp oʻtmay, bu oʻsha davrning eng ommabop va nufuzli avtoulovlaridan boʻlgan «GAZ-24» rusumli avtomashinaning oʻng tomon fara siniqlari ekani maʼlum boʻldi.
Yangi rahbarning qatʼiy taklifi bilan tezkor reja ishlab chiqildi. Shunga koʻra, Sijjak qishlogʻi hududidagi xonadonlar, dala hovlilari uchastka nozirlari tomonidan koʻzdan kechirila boshlandi. DAN xodimlari esa Chirchiq va Toshkent shaharlarida roʻyxatda turgan «Volga» mashinalarining harakat yoʻnalishlarini sinchiklab tahlil qilishga kirishdi. Yuksak kasbiy mahorat va tezkorlik sabab, bir sutka oʻtmay, inson oʻlimiga sababchi boʻlgan haydovchi aniqlanib, qoʻlga olindi.
Bu Odiljon Dadajonovning togʻli tumandagi sermashaqqat faoliyatining debochasi edi. Uning ish tajribasida bu kabi murakkab vaziyatlar, tezkor ochilgan jinoyatlar juda koʻp boʻlgan.
Togʻli hududda muvaffaqiyatli faoliyat koʻrsatgan qahramonimiz
1985 yilda Toshkent tumani IIB DAN boʻlinmasi boshligʻi lavozimiga tayinlandi.
Odiljon Dadajonov xizmat faoliyati davomida, avvalo, jamoada hamjihatlikni va oʻzaro ishonch muhitini yarata oldi. Koʻrilgan izchil chora-tadbirlar natijasida tumanda yoʻl-transport hodisalari va ular bilan bogʻliq jinoyatlar soni keskin kamaydi.
Yillar daryodek oqib oʻtadi. Ichki ishlar organlaridagi xizmatini oddiy inspektorlikdan boshlab, tuman IIB DAN boʻlinmasi boshligʻi darajasigacha koʻtarilgan isteʼfodagi mayor Odiljon Dadajonov qutlugʻ 80 yoshini qarshiladi.
Vaqt – oliy hakam.
U sochlarga oq oralatadi, yuzlarga yillar muhrini bosadi, ammo kasbga boʻlgan muhabbatni, Vatanga berilgan qasamyodga sadoqatni zarracha zaiflashtira olmaydi. Isteʼfodagi mayor Odiljon Dadajonovning sakson yillik umr daftarini varaqlaganimizda esa, unda faqat bir soha xodimining emas, balki adolat uchun urgan buyuk bir qalbning urishini tinglaymiz.
Abror POYONOV,
katta serjant.
Toshkent viloyati.
