Navoiy viloyati bilan chegaradosh mazkur mahalladagi 746 ta xonadonda 3664 nafar aholi istiqomat qiladi. Yurtimizda amalga oshirilayotgan hayotbaxsh islohotlar chekka va olis mahallalar hamda qishloq­larni ham obod va koʻrkam hududlarga aylantirdi. Buni Mirzo Nodim mahallasi misolida ham yaqqol koʻrish mumkin.

– Hech birimizning hayoti­mizni, oilalarimizdagi maʼnaviy muhit va farzandlar tarbiyasini mahalladan ayri holda tasavvur etib boʻlmaydi, – deydi shu mahallada yashovchi Abdurasul Kunuzoqov. – Aholi farovonligi uchun olib borilayotgan obodonchilik, bunyodkorlik ishlari koʻnglimizni koʻtarib, yangi maqsad, tashabbuslarga undayapti.

Mahalla yettiligi tom maʼnoda fuqarolarning deyarli barcha ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal qilishda, ularga qulay shart-sharoit yaratishda muhim tizimga aylandi. Kapitan Sardor Temirov mazkur mahallada profilaktika inspektori sifatida xizmat olib boradi, mahalla yettiligining boshqa aʼzolari bilan yelkadosh, hammaslak. 

Profilaktika inspektori­ning oldiga qoʻyilgan talab aniq – jinoyatchilik­ning oldini olib, mahalla tinch-osoyishta boʻlishini, aholi xotirjam, bexavotir yashashini taʼminlash. Ana shu ezgu maqsadni diliga tukkan Sardor Temirov zimmasidagi vazifalarini sidqidildan ado etayapti. U mahalla yoshlarining boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish uchun maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, sport musoba­qalari uyushtiryapti. Shu tariqa ular oʻrtasida birdamlik, jamiyatga daxl­dorlik va vatanparvarlik hislarini kuchaytirishga erishmoqda.

Mahalla raisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, hokim yordamchisi bilan birgalikda aholining muammolariga xususan, notinch oilalardagi muhitni sogʻlomlashtirishga alohida eʼtibor qaratilyapti. Shu­ningdek, huquqbuzarliklarni keltirib chiqaruvchi omillar tahlil qilinib, ularni bartaraf etish choralari koʻrilyapti.  

– Mahalla bunyodkorlikka yuz tutmoqda. Koʻchala­rimiz ravon, elektr 

taʼminotini yaxshilash uchun yangi transformator oʻrnatilgan, simyogʻochlar yangilangan. Har bir xonadonda issiqxona bor. Odamlarimiz roʻzgʻoriga baraka kiritish uchun mehat qilishmoqda. Mahalladoshlarimizning ruhi tetik, kayfiyati koʻtarinki. 

Uylarda bolalarning shoʻx-shodon kulgusi yang­rab turibdi. Bularning barchasi tinchlik-osoyish­talikdan, turmush farovonligidan, – deydi mahalla fuqarolar yigʻini raisi Dilshod Xudoynazarov.

Ilgari A.F. ichkilikka ruju qoʻygan edi. U bilan profilaktik suhbatlar oʻtkazilgach, sogʻlom turmush tarziga amal qilmoqda. Boquvchisini yoʻqotgan Laylo Mirzayeva­ning holi­dan xabar olinib, uning oilasi moddiy-maʼnaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlanmoqda. Aksar jinoyatlar bekorchilikdan kelib chiqadi. Shu sababli aholi­ni, ayniqsa, yoshlarni ish bilan taʼminlash choralari koʻrilyapti. 

Eng muhimi, odamlar qalbida, ruhiyatida ijobiy oʻzgarishlar yuz beryapti. Ular kelajakka ishonch bilan qarashmoqda, mahalladagi bunyodkorlik ishlarida ishtirok etishyapti. Xulosa oʻrnida aytadigan boʻlsak, hududda amalga oshirilayotgan xayrli ishlar aholi manfaatlariga xizmat qilayotir. 

Umida 

MAMADALIYEVA,

oʻz muxbirimiz.

Samarqand viloyati.