Xizmatdan boʻsh paytlarida jismoniy tayyorgarlik va sport bilan shugʻullanishadi, kitob mutolaa qilishadi. Jamoada «ustoz-shogirdlik» anʼanalari keng rivojlangan. Yosh xodimlarga tajribali harbiy xizmatchilar murabbiy etib tayinlanadi.
Vzvod shaxsiy tarkibi har yili Ichki ishlar vazirligi hamda Qorovul qoʻshinlari miqyosida oʻtkazilayotgan sportning qoʻl jangi, boks, kurash va sambo turlari boʻyicha musobaqalari, hamda «Dovyurak jangchi» va «Alvon beret» kiyish huquqini berish sinovlarida ham faol qatnashib, bir qator yuksak natijalarga erishib kelmoqda.
Xususan, vzvod komandiri, kapitan Nurali Karimov 2022-yilda «Dovyurak jangchi» intensiv sinovlarda gʻolib boʻlgan. Bundan tashqari, Qurolli Kuchlar miqyosida oʻtkazib kelinayotgan «Oʻz kasbining ustasi» koʻrik-tanlovida ham faol qatnashib, 2022–2023-yillarda tanlovning «Eng ilgʻor guruh komandiri» nominatsiyasida faxrli 3-oʻrinni egalladi.
Sportning qoʻl jangi turi boʻyicha Qorovul qoʻshinlari qoʻmondoni kubogi musobaqasida katta leytenant Sirojiddin Oqqulov va oddiy askar Mahmud Murodov birinchi oʻrinni, kichik serjant Aydinbay Kenesbayev ikkinchi oʻrinni egallab, jamoaning faxriga aylandi. Hozirgi kungacha III darajali serjantlar S. Hamdamov,
N. Achilov, kichik serjantlar A. Poʻlatov, M. Xoʻjamurodov, O. Rasulov,
B. Shukurov «Dovyurak jangchi» nishonini olishga musharraf boʻlishdi. Qolaversa, kichik serjantlar S. Ergashev va D. Tajiyev qoʻshin qoʻmondoni tashabbusi bilan joriy etilgan «Alvon beret» kiyish huquqini berish sinovlaridan oʻtishdi. Qorovul qoʻshinlari tashkil topganining 25 yilligi munosabati bilan III darajali serjant Nosir Achilov «Qoʻshin aʼlochisi» koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.
Qisqasi, mazkur harbiy qismning maxsus vazifalarni bajaruvchi safarbarlik vzvodida Vatanimiz bayrogʻini yuksaklarga koʻtarayotgan mard va jasur yigitlar xizmat qilmoqda. Shundaylar bor ekan, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, hayotimiz yanada farovon boʻlaveradi.
Elyor GAFFOROV,
podpolkovnik.
Buxoro viloyati.
