Yoʻl harakati qoidalarini yoshlikdan puxta oʻzlashtirish butun umr davomida turli xavf-xatarlarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois Andijon viloyati IIB JXX YHXB tomonidan viloyatdagi maktablar va maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bolalar uchun qoʻshimcha dars soatlari tashkil etilib, ularga yoʻl harakati xavfsizligi qoidalari muntazam oʻrgatib borilmoqda.
– Mashgʻulotlar davomida aksariyat oʻquvchilar hatto piyodalar yoʻlakchasidan oʻtish tartiblaridan bexabar ekanligi maʼlum boʻlmoqda, – deydi boshqarmaning axborot xizmati katta mutaxassisi Abdumajid Rayimjonov. – Qoʻshimcha darslar orqali bolalar nafaqat yoʻldan toʻgʻri oʻtish usullarini, balki yoʻl belgilari va ularning mazmunini ham puxta oʻzlashtirib olmoqda.
Mazkur targʻibot mashgʻulotlari yosh avlodda yoʻl harakati qoidalariga boʻlgan masʼuliyatni kuchaytiradi, ularning kundalik hayotida xavfsizlikni taʼminlaydi. Eng muhimi, bu kabi tadbirlar orqali bolalar ongida intizom, ehtiyotkorlik va xavfsizlik madaniyati mustahkamlanib, kelajakda yoʻl-transport hodisalarining oldini olishga xizmat qiladi.
Saminjon HUSANZODA,
oʻz muxbirimiz. Andijon viloyati.
