Hozirgi kunda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan yoʻllarda xavfsizlikni taʼminlash borasida nafaqat haydovchilar, balki piyodalar, ayniqsa, bolalar oʻrtasida profilaktik tadbirlar oʻtkazilib, ularning sohaga oid bilimlarini mustahkamlashga katta eʼtibor qaratilmoqda. Shunday boʻlsa-da, afsuski, yoʻl harakati xavfsizligi qoidalariga bepisand munosabatda boʻlish hollari koʻplab uchramoqda. Achinarlisi, yoʻl qoidalariga amal qilinmasligi insonlarning sogʻligʻi yomonlashuvi, odamlar oʻlimi yoki boshqa ogʻir oqibatlar bilan yakunlanmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzishda ifodalanadi. Ushbu moddaga koʻra, transport vositasini boshqaruvchi shaxs tomonidan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish badanga oʻrtacha ogʻir yoki ogʻir shikast yetkazilishiga sabab boʻlsa, jinoiy javobgarlik yuzaga keladi. Mazkur qilmish odam oʻlishiga yoki odamlar oʻlimiga, boshqa ogʻir oqibatlarga sabab boʻlganda esa, ogʻirlashtiruvchi holat hisoblanadi va Jinoyat kodeksining 266-moddasi tegishli qismlari bilan malakalanadi.
Baʼzan haydovchilar, baʼzan piyodalarning aybi bilan turli yoʻl-transport hodisalari sodir boʻlmoqda. Yoʻllarda harakatlanayotganda qoidalarga amal qilish har bir yoʻl harakati ishtirokchisining burchidir. Shunday ekan, qoidalarga amal qiling, yoʻllarda hushyor boʻling!
Nozim GʻULOMOV,
IIV Transport va turizm obʼektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti huzuridagi Tergov boshqarmasi OʻMIB tergovchisi.
