Onajonim – Navoiy viloyati IIB Moliyaviy taʼminot xizmati katta mutaxassisi, leytenant Venera Abdullayeva men uchun hayotimda bamisoli yoʻlchi yulduz. Bolaligimda uning oʻta intizomli va masʼuliyatli ekaniga havas qilardim. Qolaversa, yurt osoyishtaligini taʼminlashga hissa qoʻshayotganidan faxrlanardim.
Ana shu havas va faxr tuygʻusi meni IIV Navoiy akademik litseyiga boshlab keldi. Ushbu taʼlim muassasasini imtiyozli diplom bilan tamomladim. Bugungi kunda IIV Akademiyasi 2-bosqich kursantiman. Mazkur nufuzli oliy oʻquv yurtiga kirishimda onamning fidoyilarcha xizmatlari uchun berilgan tavsiyanoma muhim ahamiyat kasb etdi.
Bu ishonch menga katta masʼuliyat yukladi. Akademiyada namunali xulqim va aʼlo baholarim uchun ota-onam nomiga tashakkurnoma yuborilganidan gʻururlanaman. Hayotimda erishgan har bir yutugʻim, avvalo, ota-onamning mehnati, tarbiyasi va duolari tufaylidir.
Men ingliz tilida erkin muloqot qila olishimning tasdigʻi sifatida IELTS sertifikatiga egaman. Biroq eng muhim «sertifikatim» — bu halollik, intizom, Vatanga muhabbat va burchga sadoqat bobida onam bergan hayotiy saboqlardir.
Onajonim, fursatdan foydalanib Sizni Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan muborakbod etaman. Sizning mehringiz va ishonchingiz menga kuch-quvvat beradi. Doimo yuzingizni yorugʻ qilishga, Sizga munosib farzand boʻlishga vaʼda beraman.
Muhammadabdullo BAHODIROV,
IIV Akademiyasi kursanti.
